Mazkur xizmat my.gov.uz portali orqali yoʻlga qoʻyildi.

Avvallari mobil raqam egasini oʻzgartirish uchun har ikki tomon — amaldagi egasi va yangi egasi aloqa operatori ofisiga shaxsan borishi, navbat kutishi va hujjatlarni imzolashi talab etilar edi. Yangi tartibga koʻra, bu jarayonlar toʻliq raqamlashtirildi.

Xizmatdan foydalanish uchun fuqarolar my.gov.uz portali yoki MyGov ilovasiga kirib, “Mobil raqamni qayta rasmiylashtirish” xizmatini tanlashi, zarur maʼlumotlarni kiritib, ariza yuborishi kerak.

Shu bilan birga, ariza berish jarayonida mobil raqamni oʻtkazayotgan va qabul qilayotgan shaxslar arizani MyID orqali tasdiqlashi talab etiladi.

Qayd etilishicha, ushbu qulaylik barcha mobil aloqa operatorlarida bosqichma-bosqich joriy etilmoqda. Xizmat uchun toʻlov miqdori operatorlarning tarif siyosatiga qarab belgilanadi. Ayrim hollarda yaqin qarindoshlar oʻrtasida raqamni qayta rasmiylashtirish bepul amalga oshirilishi mumkin.