Moderna 2023-yilning kuzigacha COVID-19 va grippga qarshi yagona vaksinani yaratishi mumkin

    Bu haqda kompaniya rahbari Stefan Bansel “Davos kun tartibi” onlayn forumida ma'lum qildi.

    Amerika kompaniyasi rahbari “Vaksina qachon tayyor boʻladi?”, degan savolga “Eng yaxshi ssenariyda, 2023-yilning kuzida” deya javob berdi. Emlash bir vaqtning oʻzida COVID-19 va grippdan himoya qiladi. Uning soʻzlariga koʻra, vaksina oʻsha paytgacha “hech boʻlmaganda ayrim mamlakatlarda” mavjud boʻladi. Banselning taʼkidlashicha, bu, odamlar bir mavsumda bir necha marta emlanishni istamasligi va emlanmasligi muammosiga yechim boʻladi.

    2021-yilning noyabr oyida AQSH hamda Fransiya shifokorlari Moderna vaksinasi va grippga qarshi emlash kombinatsiyasining klinik sinovlari ikkinchi bosqichi natijalarini jamladi. Ularning kombinatsiyasi ikkinchi emlash paytida keksa bemorlarda xavfli nojoʻya taʼsirlarni keltirib chiqarmagan, degan xulosaga kelishdi. Ushbu ish haqida maqola medRxiv elektron kutubxonasida chop etildi.