Moʻgʻuliston bilan koʻp qirrali hamkorlik rivojlantiriladi

    Agrosektor 9 Mart 2023 615

    Tashrif davomida Moʻgʻuliston tashqi ishlar vaziri Batmunx Batsetseg boshchiligidagi moʻgʻul delegatsiyasi bugun Oʻzbekiston qishloq xoʻjaligi vaziri Aziz Voitov bilan uchrashdi.

    Tomonlar ikki mamlakatning qishloq xoʻjaligi sohasidagi hamkorligi masalalarini muhokama qildilar. Moʻgʻuliston mamlakatimizni Markaziy Osiyo mintaqasida iqtisodiy va savdo yoʻnalishlaridagi ishtirokini kengaytirish uchun muhim mamlakat deb biladi. Taʼkidlash joizki, 2022-yilda Moʻgʻuliston bilan qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat mahsulotlarining aylanmasi 5,5 million dollarni tashkil etdi. Muzokaralarda tomonlar agrar sohada hamkorlikni kengaytirishga va munosabatlarni mustahkamlashga tayyor ekanliklarini bildirdilar. Shunday qilib, tomonlar goʻsht, goʻsht mahsulotlari va terini eksport qilishni yoʻlga qoʻyishga, shuningdek, intensiv bogʻlar va issiqxonalarni rivojlantirish boʻyicha tajriba almashishni kuchaytirishga qaror qildi. Shuningdek, 2023-yilning birinchi yarmida Toshkentda Oʻzbekiston-Moʻgʻuliston hukumatlararo komissiyasining 1-majlisini oʻtkazishga kelishildi.

    Batmunx Batsetseg, Moʻgʻuliston Tashqi ishlar vaziri:

    — Oʻzbekiston va Moʻgʻulistonning diplomatik aloqalari yoʻlga qoʻyilganiga oʻn yildan oshdi va bu muddat davlatlarimiz oʻrtasidagi hamkorlik salohiyatini kuchaytirishga arziydi, deb hisoblaymiz. Moʻgʻulistonning siyosiy pozitsiyasi Markaziy Osiyo mamlakatlari, ayniqsa, Oʻzbekiston bilan pragmatik munosabatlarni oʻrnatishdan iborat. Mamlakatlarimiz jahon dengiziga chiqish imkoniga ega emas, moʻgʻul tomoni Oʻzbekistonning geografik joylashuvidan tranzit markazi sifatida manfaatdor. Biz mamlakatingizga goʻsht mahsulotlari, charm buyumlar va boshqa mahsulotlarni eksport qilishga eʼtibor qaratamiz. Shuningdek, oʻtgan yildan boshlab mahsulotlarni qayta ishlash va saqlash uchun zarur shart-sharoitlar yaratilgan “karantin zonalari”ni ishga tushirdik. Biz Oʻzbekiston bilan oziq-ovqat xavfsizligi masalalari boʻyicha ham hamkorlik qilmoqchimiz.

    Maʼlumki, Moʻgʻulistonning Toshkentdagi elchixonasini ochish boʻyicha allaqachon kelishuvlar mavjud. Umid qilamizki, yaqin orada mamlakatlarimiz oʻrtasida toʻgʻridan-toʻgʻri havo qatnovi masalalari ham hal etiladi, bu, albatta, turizmni rivojlantirishga, shuningdek, savdo-iqtisodiy munosabatlarimizni yoʻlga qoʻyishga ijobiy taʼsir koʻrsatadi.

    Oʻzbekiston Qishloq xoʻjaligi vaziri Aziz Voitov:

    – Fan va texnologiyada bir-birini toʻldiruvchi tarmoqlarni aniqlashimiz kerak, deb oʻylayman. Masalan, oʻzbek tomoni intensiv bogʻlar va issiqxonalar yaratish boʻyicha tajriba almashishga tayyor, shuningdek, Moʻgʻulistonning chorvachilik va veterinariya sohasidagi tajribasini oʻrganishdan manfaatdor. Shuningdek, biz mamlakatimizga “halol” yorligʻi bilan goʻsht mahsulotlarini import qilishni afzal koʻramiz. Moʻgʻuliston Oʻzbekistondagi meva-sabzavot mahsulotlariga barqaror talabgor. Bundan tashqari, oʻzbek tomoni yongʻoq, qandolat mahsulotlari, shokolad, pechenye, sharob va tamaki yetkazib berishga tayyor. Biz oʻzaro mahsulot etkazib berishga qiziqqan korxonalar roʻyxatini tuzishimiz, shuningdek, ular oʻrtasida toʻgʻridan-toʻgʻri aloqalarni oʻrnatishimiz kerak deb hisoblaymiz. Turizm sohasidagi istiqbollarni eʼtiborsiz qoldirib boʻlmaydi. Oʻzbekistonda Moʻgʻuliston imijini yaratish uchun bizdan ikki mamlakatning turizm sohasiga oid tadbirlarni tashkil etish talab qilinadi.

    Shuningdek, vazir Aziz Voitov joriy yil16-18-mart kunlari Oʻzbekistondan Ishchi guruh Moʻgʻulistonga yuborilishini, uning tarkibida tadbirkorlar ham boʻlishini maʼlum qildi. Ular Moʻgʻuliston ishlab chiqaruvchilari bilan mahsulot yetkazib berish va hamkorlik masalalari boʻyicha ish olib borishlari, shuningdek, chorvachilik sohasida qoʻshma loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlarini koʻrib chiqishlari mumkin. Tashrif davomida delegatsiya Moʻgʻulistonda chorva mollarini birgalikda koʻpaytirish, keyinchalik goʻsht mahsulotlarini kombinatlarda qayta ishlash uchun Oʻzbekistonga eksport qilish imkoniyatlarini baholay oladi, deb xabar beradi Qishloq xoʻjaligi vazirligi matbuot xizmati.