Moʻgʻuliston bilan Qishloq xoʻjaligi sohasida hamkorlik faollashtiriladi va chuqurlashtiriladi

    Agrosektor 14 Noyabr 2022 713

    2022-yil 7-noyabrda Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vaziri Aziz Voitov videokonferensaloqa koʻrinishida Moʻgʻuliston oziq-ovqat, qishloq xoʻjaligi va yengil sanoat vaziri Bolorchuluun Khayangaa bilan uchrashuv oʻtkazdi.

    Uchrashuv mavzusi — ikki mamlakat oʻrtasidagi sheriklik munosabatlarini faollashtirish va chuqurlashtirish hamda qishloq xoʻjaligi sohasida amaliy hamkorlikni kengaytirishdan iborat.

    Kun tartibiga qoʻyilgan masalalardan oliy darajadagi kelishuvlar, qoʻshma chorvachilikni yoʻlga qoʻyish, Oʻzbekistonda goʻshtni qayta ishlash korxonalarini yaratish va boshqalar muhokama etildi.

    “Biz savdo aloqalarini mustahkamlashga alohida ahamiyat beramiz. Joriy yil yanvar-sentyabr oylarida qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat mahsulotlarini oʻzaro yetkazib berish 2,5 barobardan ziyod oshib, qariyb 3 milion dollarga yetdi. Biz Moʻgʻulistondan goʻsht importi hajmini oshirishdan manfaatdormiz va Oʻzbekiston meva-sabzavotlari, xususan, uzum, qovun, karam, oʻrik, shuningdek, qandolatchilik va non mahsulotlari, vinolar kabi oziq-ovqat mahsulotlarini yetkazib berish hajmini koʻpaytirishni taklif etamiz”, – dedi Aziz Voitov.

    Shuningdek, vazirlar Moʻgʻulistonda naslli chorvachilik boʻyicha qoʻshma fermer xoʻjaliklari tashkil etish va keyinchalik goʻshtni Oʻzbekistonga eksport qilish hamda respublikada qoʻshma qayta ishlash korxonalarini tashkil etish masalalarini muhokama etdi, deb xabar beradi Qishloq xoʻjaligi vazirligi matbuot xizmati.