Moʻgʻuliston Oʻzbekistonda elchixona ochishni rejalashtirmoqda

    Xalqaro hamkorlik 9 Mart 2023 1256

    2023-yil 8-mart kuni Oʻzbekiston Respublikasi TIV rahbari Baxtiyor Saidov Moʻgʻuliston tashqi ishlar vaziri Batmunx Batsetseg bilan uchrashdi.

    Tomonlar ikki davlat Prezidentlarining 2022-yil sentabr oyida boʻlib oʻtgan uchrashuvi yakunlari boʻyicha erishilgan kelishuvlarning ijrosi yuzasidan fikr almashdilar.

    Oʻzaro hamkorlikning shartnomaviy-huquqiy asoslarini kengaytirish, TIVlararo maslahatlashuvlarning navbatdagi davrasini oʻtkazish, savdo aylanmasini diversifikatsiya qilish va qoʻshma hamkorlik loyihalarini amalga oshirish boʻyicha takliflar muhokama qilindi.

    Qishloq xoʻjaligi sohasida hamkorlik boʻyicha Oʻzbekiston-Moʻgʻuliston ishchi guruhi va Ishbilarmonlar kengashini tashkil etish masalalarini oʻrganish boʻyicha kelishuvga erishildi.

    Shuningdek, TIV rahbari Baxtiyor Saidov oʻzining tedegram kanalida quyidagi fikrlarni qoldirdi:

    • “Moʻgʻuliston tashqi ishlar vaziri Batmunx Battsetseg Xonim Oliyalarini Toshkentda kutib olib, Xalqaro xotin-qizlar kuni bilan tabrikladik. Moʻgʻulistonning Oʻzbekistonda elchixonasini ochish qarorini olqishlaymiz. Soʻnggi yillarda 🇺🇿🇲🇳 ikki tomonlama aloqalar istisnosiz barcha sohalarda ijobiy surʼat koʻrsatmoqda.”