Bu haqda Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili oʻz axborotida maʼlum qildi.

Eslatib oʻtamiz, 28-fevraldan 9-martga qadar 22 ta aviareys tashkillashtirildi hamda urush boʻlayotgan joylardan 5 037 nafar vatandoshimiz qaytarildi.

Taʼkidlanishicha, Ukrainadan “Karchova” nazorat-oʻtish punktiga kelayotgan Oʻzbekiston fuqarolarining soni kamaygan.

Bugun, yaʼni 9-mart kuni ham yana bitta reys qoʻyilishi kutilyapti.

Mamlakatimizning Ukrainadagi Elchixonasi tomonidan Sumi shahridan 23 nafar oʻzbekistonlik talaba xalqaro gumanitar tashkilotlar shafeligida evakuatsiya qilindi.

Ukrainaning turli joylaridan fuqarolarni evakuatsia qilish boʻyicha ishlar davom etayotir. Bunda asosiy eʼtibor urush harakatlari kuzatilayotgan chekka hududlarda qolib ketgan hamyurtlarimizni olib chiqishga qaratilmoqda.

Oʻzbekistonlik diplomatlar Moldova Respublikasida boʻlib, ushbu mamlakatdan vatandoshlarimizni evakuatsiya qilish masalasini ishlab chiqmoqda, deyiladi xabarda.