U dunyo aholisining qariyb 35-40 foizida uchraydi. Ayniqsa, keyingi oʻn yil ichida jahonda allergik kasalliklar koʻrsatkichi 2 barobar oshgani xavotirli holat. Bu ekologik muammolar, notoʻgʻri ovqatlanish, dori vositalarini haddan tashqari koʻp qabul qilish, kam harakatlilik kabi omillar bilan bogʻliq. Bu esa sohaga innovatsion yondashuvlar, ilgʻor tashxis va muolaja usullarini keng tatbiq etish zaruratini yuzaga keltirmoqda. Molekulyar allergodiagnostika — ana shunday istiqbolli yoʻnalishlardan biri.

Bugun poytaxtimizda Sogʻliqni saqlash vazirligi va Respublika ilmiy ixtisoslashtirilgan allergologiya markazi hamkorligida hamda xorijiy tashkilotlar koʻmagida oʻtkazilayotgan xalqaro forum ayni shu masalalar muhokomasi bagʻishlangan.

Tadbirda Avstriya, Germaniya, Rossiya, Gruziya, Qozogʻiston kabi qator davlatlardan tashrif buyurgan hamda yurtimizda faoliyat olib borayotgan allergologiya-immunologiya sohasi boʻyicha yetakchi olim va mutaxassislar oʻz maʼruzalari bilan ishtirok etmoqda.

Xususan, forumda soʻzga chiqqanlar allergik kasalliklarni tashxislash, davolash va oldini olishda ilgʻor tibbiy texnologiyalardan foydalanishning samaradorligi xususidagi tajribalari bilan oʻrtoqlashyapti. Oʻz navbatida, Oʻzbekistonda bu borada erishilgan yutuqlar, galdagi ustuvor vazifalar hamda mavjud muammolarning yechimlariga doir taqdimotlar, qolaversa, zamonaviy dori vositalari, yangi diagnostika texnologiyalari koʻrgazmasi ishtirokchilarda katta qiziqish uygʻotmoqda.Tadbir davomida allergologiya-immunologiya sohasiga ixtisoslashgan amaliyot shifokorlari uchun mahorat darslari ham oʻtkazilishi rejalashtirilgan.

Xalqaro forum oʻz ishini davom ettirmoqda, deb xabar beradi Sogʻliqni saqlash vazirligi matbuot xizmati.