Moliya vazirligi axborot xizmati xabariga ko'ra, “O'zbekiston ipotekani qayta moliyalashtirish kompaniyasi” AJ o'z faoliyatini davom ettirmoqda. 2022-yilning 1-choragida tijorat banklari tomonidan ajratilgan ipoteka kreditlari 42 million AQSH dollar miqdorida qayta moliyalashtiriladi.
Kompaniya tomonidan xalqaro moliya tashkilotlaridan qo'shimcha mablag'lar jalb etilishi bo'yicha tegishli ishlar olib borilmoqda va 2022-yilning ikkinchi yarim yilligida o'zlashtirilishi boshlanishi kutilmoqda, deyiladi xabarda. Ayni paytda joriy yilning birinchi yarim yilligida Moliya vazirligi resurlari jalb etilishi nazarda tutilmoqda.
Kompaniya tomonidan taqdim etilgan resurslar hisobidan ikkilamchi bozordan uy-joylar sotib olish uchun 2021-yilda 1,9 trillion so'm ipoteka kreditlari ajratilgan, 2022-yil davomida 2,0 trillion so'm miqdorida kreditlar ajratilishi rejalashtirilmoqda.
Shu bilan birga, joriy etilgan yangi tartib doirasida Moliya vazirligi tomonidan tijorat banklariga birlamchi bozordan kvartiralar sotib olish uchun muntazam ravishda resurslar ajratib kelinmoqda.
Moliya vazirligi resurslari hisobidan birlamchi bozordan kvartiralar sotib olish uchun 2021-yilda 5,0 trillion so'm ajratilgan bo'lsa, 2022-yilda aholiga kreditlar berish uchun tijorat banklariga 12,8 trillion so'm resurslar ajratilishi nazarda tutilgan.
Shuningdek, 2023-yildan boshlab Kompaniya tomonidan ipoteka obligatsiyalari chiqarilishi rejalashtirilgan bo'lib, mazkur mablag'lar hisobidan Kompaniya faoliyati yanada rivojlanadi.