Bolalardan tijoriy maqsadda foydalanishga oid boʻlgan ushbu holatlar Bolalar ombudsmani va MMTV tomonidan oʻrganildi.
Aniqlanishicha, holatlardan biri Chust tumanidagi 69-sonli umumiy oʻrta taʼlim maktabida sodir boʻlgan boʻllib, Namangan viloyati maktabgacha va maktab taʼlimi boshqarmasi tomonidan taʼlim maqsadlariga zid ravishda maktabda taʼlim jarayoni bilan bogʻliq boʻlmagan tadbirlar tashkil etganligi uchun maktab direktori J.T.ga intizomiy chora qoʻllanilib, u lavozimidan ozod etildi.
Shuningdek, yana bir holat Surxondaryo viloyati Qiziriq tumanidagi 11-sonli maktabgacha taʼlim tashkilotida ham yoʻl qoʻyilgan boʻlib, Surxondaryo viloyati maktabgacha va maktab taʼlimi boshqarmasi tomonidan bunga yoʻl qoʻygan maktabgacha taʼlim tashkiloti mudirasi v.v.b. A.Z. ga ham tegishli intizomiy chora koʻrilib, u vazifasidan ozod etildi.
Oʻzbekiston ratifikatsiya qilgan BMTning Bola huquqlari toʻgʻrisidagi konvensiyaning 32-moddasida davlat bolaning iqtisodiy ekspluatatsiyadan hamda uning sogʻligʻi uchun xavf-xatar yetkazishi mumkin boʻlgan yoki taʼlim olishiga toʻsqinlik qiladigan yohud sogʻligʻi, jismoniy, aqliy, maʼnaviy, axloqiy va ijtimoiy rivojlanishiga zarar keltiradigan har qanday ishlardan himoya qilinish huquqini eʼtirof etadi, deb belgilangan.
Maktab va maktabgacha taʼlim tashkilotlarida turli media tijorat kompaniyalari targʻibotining oʻtkazilishi taʼlim muassasalarning maqsad va vazifalariga nomuvofiq boʻlishi bilan birgalikda, qonunchilik talablariga ham ziddir.
Bolalardan bu kabi tijoriy maqsadlarda foydalanish — bola ekspluatatsiyasining bir shaklidir.
Taʼlim bilan bogʻliq boʻlmagan har qanday tashviqot tadbirlariga bolalarni jalb etilishiga nisbatan qatʼiy murosasiz boʻlish va bunday nomaqbul holatlarga yoʻl qoʻygan mansabdor shaxslarga nisbatan tegishli qonuniy choralar koʻrish shartligi yuzasidan Bolalar ombudsmani MMTVga tegishli xulosa kiritdi.
Hozirda MMTV rahbariyati tomonidan taʼlim muassasalarida bunday holatlarga yoʻl qoʻymaslik choralarini koʻrish yuzasidan respublikaning barcha hududiy maktabgacha va maktab taʼlim boshqarmalariga tegishli topshiriqlar berildi.