Moliyaviy xizmatlar ommabopligini oshirish boʻyicha milliy strategiya tasdiqlandi

    Moliya 12 Iyul 2021 1142

    Moliyaviy xizmatlar ommabopligini oshirish boʻyicha 2021-2023-yillarga moʻljallangan milliy strategiya tasdiqlandi.

    Moliyaviy xizmatlar ommabopligini oshirish milliy strategiyasini amaliyotga tatbiq etish boʻyicha muvofiqlashtiruvchi kengash Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan ishlab chiqilgan “2021-2023-yillarga moʻljallangan Moliyaviy xizmatlar ommabopligini oshirish milliy strategiyasi”ni (Milliy strategiya) tasdiqladi. Mazkur hujjat Xalqaro moliya korporatsiyasining mamlakatda moliyaviy savodxonlik va moliyaviy ommaboplik darajasini kompleks hamda xolisona baholash maqsadida aholi bilan oʻtkazgan soʻrovnomasi natijalarini inobatga olgan holda Jahon banki ekspertlari koʻmagida tayyorlangan.

    Milliy strategiyada belgilangan vazifalar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 2-martdagi PF-5953-sonli Farmoni bilan tasdiqlangan “2017-2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishlari boʻyicha Harakatlar strategiyasini “Ilm, maʼrifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi”ga muvofiq boʻlib, uning bosh maqsadi aholining barcha qatlamlari, shu jumladan, yetarli darajada moliyaviy xizmatlar bilan qamrab olinmagan kam daromadga ega, qishloqlarda istiqomat qilayotgan fuqarolar hamda kichik biznes subyektlari uchun sifatli moliyaviy mahsulot va xizmatlardan foydalanish imkoniyati mavjud boʻlgan dinamik, innovatsion va inklyuziv moliya tizimini yaratishdan iborat.

    Milliy strategiya doirasida kelgusi yillarda quyidagi islohotlarni amalga oshirish koʻzda tutilgan:

    - banklarning xizmat koʻrsatish nuqtalarini kengaytirish, bank xizmatlarini yetkazishning muqobil yoʻllarini joriy etish va bank agentlari tarmogʻini yaratish orqali bazaviy moliyaviy xizmatlar qamrovini oshirish;

    - bozorga yangi fintex kompaniyalarning kirib kelishiga qulay shart-sharoitlar yaratish, masofadan identifikatsiya qilish tizimini yoʻlga qoʻyish, milliy toʻlov tizimini modernizatsiya qilish orqali raqamli moliyaviy xizmatlarni rivojlantirish;

    - tadbirkorlar loyihalarini moliyalashtirishga moʻljallangan turli moliyaviy vositalarni rivojlantirish va nobank kredit tashkilotlari faoliyatini rivojlantirish orqali kichik tadbirkorlik subyektlarini moliyalashtirishni kengaytirish;

    - moliyaviy mahsulot va xizmatlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarning ochiqligi va shaffofligini taʼminlash, shikoyatlar va nizolarni hal qilishning samarali mexanizmlarini joriy etish orqali moliyaviy xizmatlar isteʼmolchilari huquqlarining himoyasini kuchaytirish;

    - OAV orqali aholining moliyaviy xizmatlardan xabardorligini oshirish, umumtaʼlim muassasalarida va noiqtisodiy yoʻnalishdagi taʼlim muassasalarida “Moliyaviy savodxonlik” oʻquv dasturini joriy etish, shuningdek, moliyaviy savodxonlikni oshirish boʻyicha oʻquv dasturlarini ishlab chiqish kabilar orqali aholi va tadbirkorlarning moliyaviy savodxonligini oshirish belgilangan.

    Mazkur islohotlar aholining moliyaviy savodxonligini oshirish, bazaviy moliyaviy xizmatlar ommabopligi hamda ulardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish, aholining kredit va toʻlov tashkilotlariga boʻlgan ishonchini mustahkamlash orqali aholi farovonligi, moliyaviy tizim va iqtisodiy oʻsishning barqarorligini taʼminlashga hamda mamlakatda yashirin iqtisodiyot ulushining qisqarishiga xizmat qiladi, deb xabar beradi Markaziy bank matbuot xizmati.