Moliyaviy xizmatlar ommabopligini oshirishga qaratilgan vazifalar muhokama etildi

    Moliya 28 Iyul 2021 5503

    Joriy yil 27-iyulda Markaziy bank tomonidan “2021-2023-yillarga moʻljallangan moliyaviy xizmatlar ommabopligini oshirish milliy strategiyasi”ning mazmun-mohiyatini yoritish maqsadida ZOOM platformasi orqali onlayn oʻquv seminari oʻtkazildi.

    Unda tijorat banklarining 100 nafardan ortiq rahbar xodimlari va mutaxassislari ishtirok etdi.

    Seminarda moliyaviy xizmatlar ommabopligini oshirish boʻyicha kelgusi uch yilga moʻljallangan islohotlarning asosiy yoʻnalishlari va belgilangan vazifalar batafsil muhokama etildi, deb xabar beradi Markaziy bank matbuot xizmati.

    Oʻquv seminari davomida “Umumjahon pul haftaligi 2021” (Global Money Week) doirasida aholining moliyaviy savodxonligini oshirishga qaratilgan turli taʼlim tadbirlari hamda loyihalarni amalga oshirishda faol ishtirok etgan tijorat banklari Markaziy bank tomonidan faxriy yorliq va mukofot bilan taqdirlandi:

    “Moliyaviy savodxonlik boʻyicha eng kreativ bank” – “Ipak yoʻli bank” AITB;
    “Moliyaviy savodxonlik boʻyicha eng masʼuliyatli bank” – “Ipoteka bank” ATIB;
    “Moliyaviy savodxonlik boʻyicha eng yuqori ijro intizomiga ega bank” – “Asaka” ATB;
    “Moliyaviy savodxonlik boʻyicha eng faol bank” – “Kapital bank” ATB.