Moskva shahrida MDH hukumatlar rahbarlari uchrashdi

    Xalqaro hamkorlik 18 Dekabr 2023 340

    Moskva shahrida 18-dekabr kuni Mustaqil davlatlar hamdoʻstligi hukumat rahbarlari kengashining navbatdan tashqari yigʻilishi boʻlib oʻtdi.

    Qirgʻiziston Bosh vaziri Aqilbek Japarov raisligida oʻtgan yigʻilishda Belarus Bosh vaziri Roman Golovchenko, Ozarbayjon Bosh vaziri Ali Idoyat oʻgʻli, Qozogʻiston Bosh vaziri Alixan Smailov, Rossiya hukumati raisi Mixail Mishustin, Tojikiston Bosh vaziri Qohir Rasulzoda, Armaniston Bosh vaziri oʻrinbosari Mger Grigoryan, Turkmaniston Vazirlar Mahkamasi raisi oʻrinbosari Xojamirat Geldimiradov hamda Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi Bosh kotibi Sergey Lebedev ishtirok etdi.

    Dastlab, Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putinning delegatsiyalar rahbarlariga yoʻllagan videomurojaati namoyish etildi.

    Hukumatlar delegatsiyalari rahbarlari yigʻilish mavzusidan kelib chiqib, hamkorlikning madaniy-gumanitar yoʻnalishiga alohida eʼtibor qaratishdi.

    Qayd etilganidek, Hamdoʻstlik uchun oʻtayotgan yil madaniyat, sanʼat, adabiyot, kino, fan, taʼlim va sport sohalarida voqealarga boy boʻldi.

    Jumladan, milliy raqs sanʼatining yuksak namunasi boʻlgan “Lazgi — Muhabbat va Qalb raqsi” balet spektakli Rossiya Katta teatrida namoyish etildi.

    Sankt-Peterburgda “Oʻzbek kinosi kunlari” boʻlib oʻtdi. Mukarrama Turgʻunboyeva nomidagi “Bahor” davlat raqs ansamblining Nijniy Novgorod, Yekaterinburg, Ufa, Qozon va Sankt-Peterburg shaharlarida gastrol safarlari tashkil etildi.

    Bundan tashqari, Ozarbayjon va Belarusda Oʻzbekiston madaniyati kunlari muvaffaqiyatli oʻtkazildi. Mamlakatimizda Qozogʻiston va Turkmaniston madaniyat kunlari tashkil etildi.

    Muntazam ravishda teatrlar va ijodiy guruhlar tomonidan Qirgʻiziston va Tojikiston davlatlariga gastrol safarlari, qoʻshma konsertlar uyushtirilmoqda.

    Umuman olganda, Oʻzbekistonda “Pushkin oʻqishlari”, Abay kunlari, Maxtumquli, Sadriddin Ayniy, Chingiz Aytmatov, Rasul Xamzatov va boshqa koʻplab buyuk yozuvchi va shoirlar xotirasiga bagʻishlangan bayram tadbirlari anʼanaga aylangan.

    Bularning barchasi xalqlarimiz oʻrtasidagi doʻstlik, oʻzaro anglashuv va yaxshi qoʻshnichilik munosabatlarini mustahkamlashga xizmat qilishi taʼkidlandi.

    Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov soʻzlagan nutqida Davlatimiz rahbarining Samarqand shahrini “Hamdoʻstlik mamlakatlarining madaniy poytaxti”, shuningdek, Toshkent shahrini “Hamdoʻstlikning yoshlar poytaxti” deb eʼlon qilish boʻyicha bildirgan tashabbuslarini faol qoʻllab-quvvatlagani uchun delegatsiyalar rahbarlariga minnatdorlik bildirdi.

    MDH davlatlari vakillarini shu munosabat bilan oʻtkaziladigan tadbirlarda faol ishtirok etishiga chaqirdi.

    Taʼlim va fan, talabalar hamda akademik almashinuvlar, zamonaviy taʼlim texnologiyalarini joriy etish boʻyicha oʻzaro hamkorlikni davom ettirish muhim ekani bildirildi.

    Yigʻilish soʻnggida madaniy-gumanitar hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari toʻgʻrisida qoʻshma bayon imzolandi.