“Exo Moskva” saytining xabar berishicha, Rossiya Federatsiyasi poytaxti Moskvada joriy etilgan karantin qoidalariga koʻra, endilikda shahar istirohat bogʻlarining, bolalar maydonchalaridagi va ochiq sport maskanlarining oʻrindiqlarida besabab oʻtirgan kishilar 4 ming rublgacha boʻlgan miqdorda jarimaga tortiladi.
Bu haqda Moskva bosh nazorat boshqarmasi boshligʻi Yevgeniy Danchikov xabar berdi. Rossiya poytaxtidagi cheklovlar joriy yilning 20-iyuniga qadar davom etishi belgilangan. Saytning maʼlumotiga koʻra, hozirda Moskvadagi restoran, savdo markazlari oʻrnatilgan tartib asosida ishlamoqda. Ularning faoliyatini cheklash yoki maʼlum meʼyorlarga keltirish xususida hozircha biron gap aytilmagan.
Bugun Rossiya poytaxtida 7 mingdan oshiq koronavirus kasalligi bilan kasallanganlar qayd etilgan. Bu yil boshidan beri eng yuqori koʻrsatkichdir.
Toʻlqin ROʻZIYEV