Moskvada oʻzaro tovar ayirboshlash hajmini oshirish chora-tadbirlari muhokama etildi

    Joriy yil 8-iyulda Oʻzbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov Rossiya Federatsiyasiga tashrifi doirasida Oʻzbekiston va Rossiya oʻrtasidagi tovar ayirboshlash hajmini oshirish boʻyicha ishchi guruhining birinchi yigʻilishida ishtirok etdi hamda Butunrossiya tashqi savdo akademiyasiga tashrif buyurdi.

    Ishchi guruh yigʻilishida tegishli vazirlik, idoralar, tarmoq birlashmalari rahbarlari ishtirokida ikki davlat oʻrtasidagi savdo aloqalarini kengaytirish chora-tadbirlariga oid keng koʻlamli masalalar koʻrib chiqildi.

    Oʻzaro savdo aylanmasi barqaror oʻsishining ijobiy dinamikasi qayd etildi. Uning hajmi soʻnggi 7-yilda 2,5 barobar va joriy yil boshidan buyon 30 foizga oshdi. Bunga, boshqa omillar bilan bir qatorda, Oʻzbekiston va Rossiya oʻrtasidagi oʻrtasida keng qamrovli strategik sheriklik rejimi doirasida erishilgani taʼkidlandi. Shu bilan birga, ikki tomonlama savdo tarkibi keskin kengayib, yuqori qoʻshilgan qiymatga ega mahsulotlar ulushi ortdi.

    Ikki davlat rahbarlari tomonidan belgilab berilgan maqsad – 2030-yilgacha oʻzaro tovar ayirboshlash hajmini 30 milliard dollarga yetkazish uchun mamlakatlarimizda barcha zarur imkoniyatlar mavjudligi taʼkidlandi.

    Uchrashuvda tomonlar Rejadagi vazifalar ijrosining bugungi holatini atroflicha oʻrganib chiqdi va bu borada ishlarni jadallashtirish boʻyicha qoʻshma chora-tadbirlar ishlab chiqdi.

    Tashrif dasturiga muvofiq Laziz Kudratov Butunrossiya tashqi savdo akademiyasiga (BTSA) tashrif buyurdi. Rektor Vittoriya Idrisova taʼlim muassasasida talabalarni sifatli tayyorlash uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishtirdi. Toshkent shahrida Akademiya filialini ochish boʻyicha ISSV va BTSA oʻrtasidagi hamkorlik dasturlarini amalga oshirish, xususan, Toshkent shahrida Akademiyaning filialini ochish hamda tashqi iqtisodiy faoliyat sohasida mutaxassislarni tayyorlash va malakasini oshirish dasturlarini amalga oshirish masalalari muhokama etildi, deb xabar beradi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi matbuot xizmati.

    Oʻzbekiston delegatsiyasining Rossiya Federatsiyasiga tashrifi davom etadi.