Yaʼni, markazining xalqaro miqyosdagi nufuzini oshirish, jahonning yetakchi ilmiy-tadqiqot markazlari, dunyo tan olgan olim va mutaxassislar bilan hamkorlikni mustahkamlash orqali Imom Moturidiy ilmiy-maʼnaviy merosini chuqur tadqiq etgan holda globallashuv davri tahdidlariga munosib qarshi kurashish maqsadida Markaz qoshida Xalqaro ilmiy hayʼati tuzildi.
Shu munosabat bilan Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi huzuridagi Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi Xalqaro ilmiy hayʼatining dastlabki majlisi oʻtkazildi.
“ZOOM” platformasi orqali onlayn tarzda tashkil etilgan hayʼat yigʻilishini Oʻzbekiston musulmonlari idorasi raisi Usmonxon Alimov kirish soʻzi bilan ocharkan, Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi huzuridagi Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi Xalqaro ilmiy hayʼatining faoliyatiga muvaffaqiyat tiladi.
– “Imom al-Xuda” va “Imom al-mutakallimin” kabi sharafli nomlar bilan ulugʻlangan Imom Moturidiy va uning taʼlimoti boʻyicha ilmiy izlanishlar olib borayotgan tadqiqotchilarni behad qutlab, Xalqaro ilmiy hayʼat aʼzolarini samimiy muborakbod etaman, – deydi oʻz soʻzida Oʻzbekiston Musulmonlari idorasi raisi Usmonxon Alimov. – Bugungi globallashgan, gʻoyaviy va mafkuraviy qarama-qarshiliklar kuchayib borayotgan davrda asrlar osha sinovdan oʻtib kelayotgan taʼlimot atrofida jipslashish musulmonlar oʻrtasidagi inoqlik, hamfikrlilikni mustahkamlashda muhim ahamiyatga ega. Shu munosabat bilan Xalqaro ilmiy hayʼat oldida dolzarb vazifa va masalalar turibdi.
Oʻz navbatida taʼkidlash lozimki, Xalqaro ilmiy hayʼati tarkibi yigirmadan ziyod mahalliy va xalqaro miqyosdagi olimlardan tashkil topgan boʻlib, unga Oʻzbekiston Musulmonlari idorasi raisi, muftiy, Islom olami uyushmasi taʼsis majlisi aʼzosi, Butun dunyo ulamolar kengashi aʼzosi Usmonxon Alimov rais hisoblanadi.
Nufuzli anjumanda Istanbul 29-may universiteti professori Yusuf Shavqi Yavuz, Islom aqidasi va falsafasi professori Said ibn Abdullatif Fuda, Rossiya islom universiteti rektori, akademik Rafik Muxametshin, Butunjahon bosniyaliklar kongressi prezidenti, falsafa fanlari doktori Mustafa Cherich, Turkiyaning Ibn Xaldun universiteti professori Hamza Bakriy, Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi oʻqituvchisi Ahmad Saʼd Damanxuriy, Malayziya islom ilmlari universiteti professori Kamaluddin Merjuni kabi nufuzli xorijlik olimlar, davlat va jamoat arboblari, Misr, Iordaniya, Turkiya, Germaniya, Bosniya va Gersegovina, Rossiya, Afgʻoniston, Malayziya, Qozogʻiston, Qirgʻiziston kabi 50 dan ziyod jahonning yetakchi ilmiy-tadqiqot muassasalari vakillari, sohaga oid ilmiy izlanishlar olib borayotgan tadqiqotchi-mutaxassislar hamda Markaz ilmiy xodimlari ishtirok etdi.
Ilm mashvaratida Xalqaro ilmiy hayʼat faoliyatining yoʻlga qoʻyilishi munosabati bilan istiqboldagi rejalar, islom olamida moʻtadil taʼlimotni keng targʻib qilish, shu jumladan, moturidiylik taʼlimotining oʻrganilishi, Markaz faoliyatini xalqaro miqyosda tashkil etish uchun jahonning yetakchi ilmiy-tadqiqot muassasalari, mutaxassislar bilan oʻzaro hamkorlik aloqalarini yoʻlga qoʻyish, xususan, xorijiy grantlarni Markaz faoliyatiga jalb etish, Imom Moturidiy nomidagi xalqaro stipendiya nizomining muhokamasi, Imom Moturidiy va moturidiylik taʼlimotiga oid manbalarning asl va elektron nusxalarini Markaz kutubxonasida jamlash va ularning elektron platformasini yaratish kabi muhim masalalar hamda kelgusida Markaz tomonidan amalga oshiriladigan tadqiqotlar rejasi muhokama qilindi.
– Markaz faoliyatini xalqaro miqyosda tashkil etish uchun jahonning yetakchi ilmiy-tadqiqot muassasalari, mutaxassislari bilan oʻzaro hamkorlik aloqalarini yoʻlga qoʻyish, jumladan, xorijiy grantlarni jalb qilish zimmamizda turgan asosiy vazifalardan biridir, – deydi Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori Davronbek Maxsudov. – Markaz faoliyatining tashkil topganiga koʻp vaqt boʻlmagan boʻlsada, islom olamidagi yirik ilmiy-tadqiqot muassasalari, olim-mutaxassislar bilan hamkorlik aloqalarini oʻrnatish borasida koʻplab muloqotlar amalga oshirildi.
Darhaqiqat, oʻtgan qisqa davr mobaynida Markaz mutaxassislari tomonidan Imom Moturidiyning “Taʼvilot al-Qurʼon” asari 29 juʼzi oʻzbek tiliga toʻliq tarjima qilindi. “Tafsir” kitobining 27 hamda 28 juʼzlarini oʻzbek tiliga tarjima qilish ishlari davom etyapti. Imom Moturidiy, Abu Muin Nasafiy, Abu Hafs Nasafiy kabi movarounnahrlik allomalar hayoti va ijodiga bagʻishlangan 10 dan ziyod xalqchil risolalar tayyorlanmoqda.
Anjumanda Misrning al-Azhar universiteti doktori, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bosh ilmiy xodimi Ahmad Saʼd Damanhuri ham soʻzga chiqib, Moturidiylik taʼlimotiga oid manbalarning asl va elektron nusxalarini Markaz kutubxonasida jamlash va ularning elektron platformasini yaratish tashabbusi sohaga oid ilmiy izlanishlar olib borayotgan olimlar va mutaxassislar uchun dolzarb ahamiyatga ega ekanini taʼkidladi.
Shuningdek, bugungi kunga qadar moturidiylik taʼlimotiga oid mingdan (1000) ziyod arab, turk, nemis va ingliz tillardagi qoʻlyozma va zamonaviy nashrlar aniqlangani ishtirokchilar tomonidan yuksak baholandi.
Anjuman davomida Oʻzbekistonning tashabbusi bilan moturidiyshunos olimlarning xalqaro miqyosda yagona ilmiy Hayʼat doirasida birlashuvi hozirgi kunga qadar dunyoda analogi boʻlmagan tashabbus sifatida yuksak baholandi. Imom Moturidiy ilmiy merosini oʻrganish va xalqaro jamoatchilikka yetkazish sharafli hamda masʼuliyatli vazifa ekanligi alohida taʼkidlandi. Xalqaro hayʼat aʼzolari kelgusida oʻzaro ilmiy hamkorlikni yana-da kengaytirish, hayʼat yigʻilishini doimiy tarzda oʻtkazishga kelishib olishdi.
Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi
Matbuot xizmati