Mazkur maydon Togʻ-kon sanoati va geologiya vazirligi tasarrufidagi “Oʻzbekgeofizika” AJ hamda “Neft va gaz konlari geologiyasi va qidiruvi instituti” DM tomonidan 3D seysmik tadqiqotlar natijalari asosida chuqur izlov burgʻilash ishlari uchun tayyorlangan.

Eʼtiborli jihati shundaki, quduq jamiyat va uning tarkibida faoliyat yuritayotgan Loyiha boshqaruv ofisining malakali mutaxassislari tomonidan burgʻilandi. Ushbu ofis davlat rahbari topshirigʻiga muvofiq, xorijdagi zamonaviy neft-gaz kompaniyalarida tajriba orttirgan mutaxassislardan shakllantirilgan.

2026-yil 10-yanvar kuni quduq 5265 metr chuqurlikkacha burgʻilanib, 5265–5061 metr oraligʻida quyi yura qatlamlarida tabiiy gaz uyumlari aniqlandi.

Quyi yura qatlamlarining geologik tuzilishini yanada chuqur oʻrganish hamda gaz zaxiralarining tarqalish chegaralarini belgilash maqsadida ushbu maydonda 3 va 4-sonli navbatdagi izlov-qidiruv quduqlarini burgʻilash rejalashtirilmoqda.