Moʻynoqda BPO-school tashkil qilindi

    Keyingi avlod 24 Fevral 2022 1292

    Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Sherzod Shermatov Qoraqalpogʻiston Respublikasiga tashrifi doirasida Moʻynoq tumanida tashkil etilgan BPO-school faoliyati bilan yaqindan tanishdi.

    AKT vaziri u yerda yoshlar uchun yaratilgan sharoitlar hamda imkoniyatlarni koʻzdan kechirdi.

    BPO-school ning tashkil etilishi moʻynoqlik yoshlarga ingliz tili va BPO xizmatlarini oʻrganib, kelgusida Moʻynoqning oʻzidan chet elga xizmatlar eksportini amalga oshirish imkonini beradi.

    Boʻlajak BPO mutaxassislar AQSHda yuk tashish mashinalari biznes jarayonini Moʻynoqda turib boshqaradi. Ular oʻz yurtida xorijiy tajriba va yuqori daromad olish imkoniyatiga ega boʻladilar.

    Tashrif davomida AKT vaziri ushbu oʻquv markaziga koʻproq yoshlarni jalb etish, ularga ingliz tilini chuqurlashtirilgan holatda oʻrgatish kerakligi hamda BPO xizmatlarini toʻgʻri yoʻlga qoʻyish boʻyicha topshiriqlar berdi.

    Respublikada AKT sohasini rivojlantirishning ustuvor yoʻnalishlari qatorida IT-tadbirkorlik, jumladan, BPO xizmatlarini koʻrsatish orqali IT-mahsulotlar va xizmatlar eksportini koʻpaytirish maqsad qilingani taʼkidlandi, deb xabar beradi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi matbuot xizmati.