Maʼlumki, sud-huquq tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar doirasida sudlarning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, sudya va sud xodimlari uchun munosib ish sharoitlarini yaratish masalasiga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Shu nuqtayi nazardan Moʻynoq tumanida yaʼni Nukusdan 220 kilometr uzoqlikda joylashgan jinoyat ishlari boʻyicha Moʻynoq tuman sudi binosida 3 milliard soʻm mablagʻ evaziga qurilish-taʼmirlash ishlari olib borildi. Soha xodimlari va fuqarolar uchun barcha zarur sharoitlar yaratildi.
Qurilish-taʼmirlash ishlari bajarilgan binoda sudlar uchun belgilangan tartibda maʼmuriy xonalar, sud zallari, fuqarolarni qabul qilish uchun “Sud qabulxonasi”, prokuror xonasi, arxiv, shuningdek, xodimlar uchun xam sharoitlar yaratilgan. Binoda videokonferensaloqa rejimiga ulanish uchun imkoniyatlar mavjud. Bu esa masofadan turib sud ishlarini yuritish va fuqarolarning onlayn ishtirokini taʼminlash imkonini beradi.
Binoda oʻrnatilgan infokiosk orqali fuqarolar daʼvo arizalarni kiritish, sud hukmlaridan nusxa olish va shu kabi boshqa imkoniyatlardan mustaqil foydalanishi, belgilangan sud majlislarining oʻtkazilish vaqtidan xabardor boʻlishi mumkin. Yana bir muhim jihati, sud qabulxonasi tashkil etilib, u zarur zamonaviy uskunalar bilan jihozlangan. Bu yerda fuqarolarning murojaatlarini qabul qilish uchun barcha sharoitlar yaratilgan.
Aytish joizki, 2023 — 2025-yillarda Qoraqalpogʻistondagi mavjud 15 sud binosini rekonstruksiya qilish hamda 2 sud binosini yangidan qurish rejalashtirilgan.
Minajatdin QUTLIMURATOV,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri