Velosportchilar umumiy uzunligi 40 km – boshlanish nuqtasi (start) Termiz tumanidagi Fayoztepa yodgorligi hamda tugash nuqtasi (finish) Termiz shahridagi Mustaqillik maydoniga qadar bo'lgan masofa oralig'ida bellashdi.
Marafonda O'zbekiston Respublikasi mudofaasiga ko'maklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti Surxondaryo viloyati kengashining nafaqat sport sektsiyalari a'zolari, balki Tashkilotning avtomototransport haydovchilarini tayyorlash kurslarida tahsil olayotgan “Yoshlar daftari” va “Ayollar daftari”ga kiritilgan fuqarolar ham faol ishtirok etdi.
Do'stona ruhda o'tgan musobaqa yakunida viloyat hokimining birinchi o'rinbosari va tadbir tashkilotchilari tomonidan g'oliblar qimmatbaho sovg'alar bilan taqdirlandi.
“Mo'ynoqqa madad” ekologik xayriya velomarafonini o'tkazishdan maqsad, yurtimizda velosportni ommalashtirish, yoshlarning sport bilan shug'ullanishi uchun zarur sharoitlarni yaratish, qolaversa, Orolbo'yi mintaqasida istiqomat qilayotgan aholining turmush darajasini yaxshilash, keng jamoatchilik e'tiborini dolzarb ekologik muammolar echimini topishga qaratishdir.
Shu bilan birga, marafon doirasida jalb etilgan homiylik va xayriya mablag'lari Mo'ynoq tumanidagi Ali-ovul qishlog'ini obodonlashtirish, sug'orish-irrigatsiya tizimlarini yaxshilash, toza ichimlik suvi tarmog'ini tortish, ish o'rinlari yaratish singari aholi farovonligini oshirish borasidagi ezgu ishlar uchun yo'naltiriladi.