Jamiyatning tarixiy xotirasini tiklash, sivilizatsiyalar taraqqiyotining ichki qonuniyatlarini anglash va inson tajribasining uzviyligini ochib berishda arxeologik yodgorliklar va osori atiqalarning oʻrni alohida.
Moddiy
madaniyat namunalari orqali xalqlarning shakllanish jarayoni, madaniy
aloqalari, iqtisodiy munosabatlari va maʼnaviy qarashlari haqida ilmiy
asoslangan xulosalar chiqarish mumkin. Bu esa milliy oʻzlikni anglash
jarayonini aniq ilmiy dalillarga tayangan holda mustahkamlashga xizmat qiladi.
OʻzFA
Antropologiya instituti direktori, tarix fanlari doktori Farhod MAQSUDOV bilan
suhbatimiz shu haqda boʻldi.
—
Arxeologiyani faqat tarixni oʻrganish vositasi sifatida tushunish toʻgʻri emas.
U, avvalo, oʻtmishni ilmiy asosda tiklashga xizmat qiladigan fundamental fan.
Arxeologik manbalar esa yozma manbalar yetishmaydigan yoki umuman mavjud
boʻlmagan davrlar haqida ishonchli maʼlumot beruvchi asosiy dalillardir, —
deydi F.Maqsudov. — Shu bilan birga, arxeologiya millat oʻzligini anglash va
namoyon etishda ham beqiyos ahamiyatga ega. Chunki arxeologik topilmalar orqali
xalqimizning qadimiy ildizlari, madaniy merosi, davlatchilik anʼanalari va
taraqqiyot yoʻli yaqqol namoyon boʻladi. Bu esa jamiyatda tarixiy xotirani
mustahkamlash, milliy gʻurur va iftixor tuygʻusini shakllantirishga xizmat
qiladi. Biroq bu oʻrinda muhim jihatni taʼkidlash joiz: arxeologiya ilm
sifatida har qanday gʻoyaviy yoki siyosiy talqinlardan xoli boʻlishi, faqat
dalil va ilmiy tahlilga asoslanishi kerak. Shundagina u haqiqiy tarixni tiklash
va millatning oʻzligini sogʻlom, ilmiy asosda namoyon etishida qoʻl keladi.
— Antropologiya institutida
bugun eʼtiborga molik qanday ishlar qilinmoqda?
—
Institutimiz 2019-yili Milliy arxeologiya markazi sifatida tashkil etilgan.
Davlatimiz rahbarining 2025-yil 27-dekabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar
akademiyasi faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi
qaroriga koʻra, u Antropologiya instituti deb nomlandi. Ayni paytda institutimiz
olimlari 20 ga yaqin arxeologik yodgorlikda tadqiqotlar oʻtkazmoqda.
Insoniyatning oʻtmishini tiklash, tarixiy haqiqatni aniqlash va madaniy merosni
asrab-avaylash hamda kelgusi avlodga bus-butun yetkazishda ushbu
tadqiqotlarning oʻrni alohida. Qazuv ishlarining keng qamrovda bajarilishi va
madaniy merosni saqlashga qaratilgan saʼy-harakatlar tarix va zamonaviy
taraqqiyot oʻrtasida mustahkam koʻprik oʻrnatishga xizmat qilmoqda.
Arxeologiya
bugun ilm-fan va davlat siyosati oʻrtasida muhim strategik boʻgʻin sifatida
namoyon boʻlmoqda. Bir tomondan u oʻtmishni ilmiy asosda oʻrganadigan
fundamental fan boʻlsa, ikkinchi tomondan davlatning madaniy merosni saqlash,
milliy oʻzlikni mustahkamlash va turizmni rivojlantirish siyosatida amaliy
ahamiyat kasb etmoqda.
Davlat
siyosatida arxeologiyaga qaratilayotgan eʼtibor, eng avvalo, huquqiy va
institutsional asoslarni mustahkamlashda namoyon boʻlayotir. Arxeologik
yodgorliklarni muhofaza qilish va davlat muhofazasiga olish, noqonuniy qazish
ishlarining oldini olish kabi choralar orqali madaniy merosni saqlash tizimi
shakllantirilyapti. Bu esa arxeologiyani faqat akademik soha emas, balki milliy
xavfsizlik va madaniy suverenitet masalasi darajasiga koʻtarmoqda. Masalan,
Axsikentda arxeologik park tashkil etilgan. Bu ishlar nafaqat ilm-fan, balki
turizm va madaniy siyosat uchun ham muhim natija bermoqda. Arxeologiya faqat
oʻtmishni oʻrganish emas, balki kelajakni shakllantirishda ham faol ishtirok
etadigan sohaga aylangan.
— Sohada qanday zamonaviy
texnologiyalar qoʻllanyapti? Ular arxeologiya rivojiga nechogʻliq hissa
qoʻshyapti?
—
Bugun arxeologiyada GIS, dronlar, 3D modellashtirish, radiokarbon tahlil va
geofizik usullar keng qoʻllanyapti. Jumladan, Milliy arxeologiya markazi
Antropologiya instituti deb qayta nomlangandan soʻng ilmiy boʻlimlar tubdan
isloh qilindi va qayta nomlandi. Xususan, endi institutda arxeologik
antropologiya, geoantropologiya, tarixiy antropologiya va ijtimoiy-madaniy
antropologiya boʻlimlari faoliyat yuritmoqda. Shuningdek, Antropologiya
instituti tarkibida yangi — arxeologik geofizika boʻlimi tashkil etildi va
tarkibi geofizik mutaxassislar bilan toʻldirildi. Ushbu boʻlim zamonaviy
geofizik texnologiyalar yordamida arxeologik yodgorliklarning yer osti madaniy
qatlamlari va qurilma shakllari, chuqurlik va holatini aniqlab, anʼanaviy
qazish ishlari samaradorligini oshirish hamda notoʻgʻri qazish ortidan
keladigan xavflarni kamaytirishga xizmat qiladi.
Madaniy
merosni muhofaza qilish, ilmiy tadqiqotlarni aniq va keng qamrovda amalga
oshirishda ushbu usullar alohida ahamiyatga ega. Bu texnologiyalar arxeologiya
mazmunini oʻzgartirmayapti, balki uni yanada aniq va kompleks fanga
aylantirmoqda.
— Institutning xalqaro
loyihalardagi ishtirokiga ham toʻxtalsangiz.
—
Xalqaro loyihalarda ishtirok etish arxeologiya sohasi uchun juda katta ilmiy,
metodologik va amaliy imkoniyatlar yaratadi. Birinchidan, bu milliy arxeologiyani jahon ilmiy makoniga
integratsiya qilish imkonini beradi. Yaʼni mahalliy tadqiqotlar faqat ichki
doirada emas, balki xalqaro ilmiy standartlar, zamonaviy yondashuvlar va yangi
texnologiyalar asosida amalga oshiriladi.
Ikkinchidan, xalqaro hamkorlik
orqali zamonaviy laboratoriya usullari, GIS texnologiyalari, 3D
modellashtirish, masofadan zondlash kabi ilgʻor metodlar amaliyotga tezroq
joriy etiladi. Bu esa arxeologik tadqiqotlar aniqligi va ilmiy qiymatini
oshiradi.
Uchinchidan, bunday loyihalar
kadrlar tayyorlashda ham muhim. Yosh tadqiqotchilar va mutaxassislar xalqaro
ekspeditsiyalarda ishtirok etib, tajriba orttiradi, ilmiy maktablar oʻrtasida
bilim almashinuvi kuchayadi.
Toʻrtinchidan, xalqaro loyihalar
arxeologiya natijalarining global darajada tan olinishiga xizmat qiladi. Bu esa
mamlakatning ilmiy nufuzi va madaniy merosiga qiziqishni oshiradi. Masalan,
AQSH universitetlari bilan hamkorlikda Toʻgʻonbuloq yodgorligida oʻtkazilgan
tadqiqotlar 2024-2025-yillarda dunyodagi eng yetakchi arxeologik loyihalar
qatoriga kiritildi.
— Soʻnggi yillarda qanday
muhim kashfiyotlar qilindi?
—
Eng muhim kashfiyotlar sirasiga Toʻgʻonbuloq va Toshbuloq yodgorliklaridagi
tadqiqotlarni kiritish mumkin. Bu yerda olingan maʼlumotlar togʻli hududlarda
ham qadimda rivojlangan jamoalar va shaharlashuv jarayoni mavjud boʻlganini
koʻrsatdi.
Shuningdek,
Axsikent va Kofirqalʼadagi tadqiqotlar shahar madaniyati va boshqaruv tizimlari
haqida yangi maʼlumotlar bermoqda. Bu natijalar Markaziy Osiyo tarixi boʻyicha
ilmiy qarashlarni kengaytirmoqda. Zamonaviy fanning rivojlanish samaradorligi
va uning toʻgʻri yoʻnalishda ilgʻorlab borayotgani bugun maxsus ilmiy yoʻnalish
— ilmmetriya orqali baholanyapti. Ilmmetriya fanni miqdoriy usullar va ilmiy
axborotlarni statistik qayta ishlash orqali oʻrganadigan yoʻnalish boʻlib,
ilmiy tadqiqotlarning mahsuldorligi, taʼsiri va rivojlanishini nashrlar soni,
iqtiboslar darajasi hamda ilmiy taʼsir koʻrsatkichlari orqali tahlil qiladi.
Bunda Scopus va Web of Science kabi xalqaro indekslangan bazalarda eʼlon
qilingan maqolalar va ulardan olingan iqtiboslar koʻrsatkichi alohida ahamiyat
kasb etadi. Shu nuqtayi nazardan, 2025-yil yakuniga koʻra, Antropologiya
instituti olimlari 17 ta ilmiy maqola chop ettirib, ijtimoiy-gumanitar fanlar
sohasidagi yetakchi ilmiy tashkilotlardan biri sifatida eʼtirof etilmoqda.
2030-yilga qadar har bir ilmiy xodimning yiliga kamida bir marta Scopus yoki
Web of Science bazalarida indekslangan nufuzli jurnallarda maqola chop
ettirishi boʻyicha aniq strategiya ishlab chiqilgan. Qator tadqiqotlar
zamonaviy ilmning rivojlanish mezonlariga ham mos ravishda ilgarilab
borayotganini taʼkidlash mumkin.
— Arxeologik yodgorliklarni
saqlashda qanday muammolar uchramoqda?
—
Oʻzbekistonda arxeologik yodgorliklarni saqlash masalasi davlat siyosati
darajasiga koʻtarilgan boʻlsa-da, amaliyotda qator obyektiv va tizimli
muammolar saqlanib qolmoqda.
Birinchidan, antropogen
taʼsir, yaʼni inson omili bilan bogʻliq buzilishlardir. Qishloq xoʻjaligi
maydonining kengayishi, qurilish ishlari va infratuzilma loyihalari baʼzi
hollarda arxeologik qatlamlarga salbiy taʼsir koʻrsatayotir.
Ikkinchidan, noqonuniy
qazishmalar va “qora arxeologiya” hanuzgacha jiddiy muammo boʻlib qolmoqda. Bu
esa faqat moddiy yoʻqotish emas, balki tarixiy maʼlumotning yoʻqolishi
demakdir.
Uchinchidan, moliyaviy va
texnik resurslar cheklangani ham dolzarb masala. Arxeologik tadqiqotlar katta
mablagʻ, zamonaviy laboratoriya uskunalari va malakali kadrlarni talab qiladi.
Toʻrtinchidan, tabiiy omillar —
iqlim oʻzgarishi, yer eroziyasi, shamol va namlik taʼsiri ham koʻplab
yodgorliklar uchun xavf tugʻdirmoqda. Ayniqsa, ochiq saqlanayotgan inshootlar
vaqt oʻtishi bilan tabiiy yemirilishga uchramoqda.
Beshinchidan, kadrlar va
jamoatchilik ishtirokining yetarli darajada emasligi ham ayrim hollarda
seziladi. Arxeologik meros faqat mutaxassislar emas, balki mahalliy aholi,
taʼlim tizimi va keng jamoatchilik ishtirokida saqlangandagina qadrli boʻladi.
Soʻnggi
yillarda bu yoʻnalishda ham ijobiy oʻzgarishlar kuzatilmoqda. Jumladan,
yodgorliklarni davlat muhofazasiga olish, raqamlashtirish, GIS tizimlarini
joriy etish va muzeylashtirish ishlari kengayayotir.
— Yosh arxeologlar uchun
qanday imkoniyatlar mavjud?
—
Yoshlar arxeologik ekspeditsiyalarda ishtirok etib, amaliyot oʻtayapti.
Shuningdek, xalqaro loyihalar, grantlar va stajirovkalar orqali zamonaviy
metodlarni oʻzlashtirish imkoniga ega. Masalan, Germaniya, AQSH, Italiya va
boshqa davlatlar universitetlari bilan hamkorlikdagi arxeologik dasturlar yosh
mutaxassislarga zamonaviy metodlar — GIS, 3D modellashtirish, radiokarbon
tahlil va raqamli arxeologiya boʻyicha tajriba orttirish imkonini bermoqda.
Raqamli arxeologiya va zamonaviy texnologiyalar joriy etilishi natijasida yangi
yoʻnalishlar paydo boʻldi. Bu yoshlar uchun nafaqat dala ishlarida, balki
laboratoriya tahlillari, raqamli modellashtirish va ilmiy maʼlumotlarni qayta
ishlash sohasida ham iqtidorini namoyish etish imkonini bermoqda. Yosh
tadqiqotchilar Scopus va Web of Science kabi bazalarda indekslangan jurnallarda
maqolalar chop ettirib, ilmiy faoliyatini global darajaga olib chiqish imkoniga
ega.
— Institut oldida turgan
rejalar xususida ham toʻxtalsangiz.
—
Kelgusidagi rejalarimiz, avvalo, arxeologiyani anʼanaviy qazishma fani
doirasidan chiqarib, kompleks, fanlararo va yuqori texnologik tadqiqotlar
tizimiga aylantirishga qaratilgan. Bu yoʻnalishlar 2035-yilgacha boʻlgan
strategik dastur doirasida belgilangan boʻlib, fundamental va amaliy bloklardan
iborat.
Fundamental
yoʻnalishlarda asosiy eʼtibor jamiyat va tabiiy muhit oʻrtasidagi
munosabatlarni chuqur oʻrganishga qaratilgan. Jumladan, geoantropologik,
arxeobotanik, arxeozoologik va bioarxeologik tadqiqotlar asosida insonning
ekologik moslashuvi, tabiiy resurslardan foydalanish dinamikasi hamda madaniy
landshaftlarning shakllanish qonuniyatlari oʻrganiladi. Shu bilan birga,
urbanizatsiya jarayoni, shahar madaniyati rivojlanishi, ijtimoiy tabaqalanish va
madaniy transformatsiyalar dinamikasi ham kompleks tahlil qilinadi.
Arxeogeofizik usullar va raqamli modellashtirish orqali qadimiy shaharlar va
meʼmoriy inshootlarning tarixi topografiyasi ham qayta tiklanadi. Xususan,
joriy yilda University of Warsaw bilan hamkorlikda yangi arxeologik
laboratoriya ochiladi. Bu orqali tadqiqotlarni xalqaro darajaga olib chiqish
maqsad qilingan.
Kelgusi
rejalarimiz arxeologiyani global ilm-fan tizimiga toʻliq integratsiya qilish,
zamonaviy texnologiyalar bilan boyitish va xalqaro hamkorlikni yangi bosqichga
olib chiqishga qaratilgan. Bu esa nafaqat ilmiy natijalarni kuchaytirish, balki
Oʻzbekiston arxeologiya maktabini jahon darajasidagi yetakchi markazlar
qatoriga olib chiqishga xizmat qiladi.
— Davlatimiz rahbarining shu
yil 26-maydagi “Yangi avlod ilmiy kadrlarini tayyorlash va ularni attestatsiya
qilish tizimini takomillashtirish toʻgʻrisida”gi farmonida Antropologiya
instituti olimlari oldiga qanday vazifalar qoʻyilgan?
—
Farmonda ilmiy kadrlar tayyorlashning ustuvor yoʻnalishlarini mamlakatning uzoq
muddatli taraqqiyot maqsadlari bilan bogʻlash belgilangan. Bu esa antropologik
tadqiqotlarning ahamiyatini yanada oshiradi. Endi doktorantlar mavzularini
shakllantirishda ularning mamlakat uchun amaliy ahamiyati, ijtimoiy ehtiyojlarga
javob berishi va aniq natija koʻrsatishiga katta eʼtibor qaratiladi.
Natijada
qator yangilanishlar koʻzda tutilmoqda. Avvalo, yosh tadqiqotchilarni
tayyorlash tizimi xalqaro talablarga moslashtiriladi. Doktorantlarning ilmiy
rahbarlari bilan ishlash mexanizmi takomillashtirilib, ularning xalqaro ilmiy
maktablar bilan hamkorligi kengayadi. Ilmiy natijalarni nufuzli xalqaro
jurnallarda chop ettirish, zamonaviy tadqiqot usullarini oʻzlashtirish va
raqamli texnologiyalarni keng joriy etishga alohida ahamiyat beriladi.
Farmonning
muhim jihatlaridan biri ilm-fan va amaliyot oʻrtasidagi bogʻliqlikni
kuchaytirishdir. Xususan, amaliy doktorantura dasturining joriy etilishi ilmiy
tadqiqotlarning real ehtiyojlar bilan uygʻunlashuviga xizmat qiladi. Antropologiya
sohasida bu demografik tahlillar, migratsiya jarayonlari, etnomadaniy merosni
oʻrganish, jamoalarning ijtimoiy rivojlanishi va inson omili bilan bogʻliq
davlat dasturlariga ilmiy asoslangan takliflar ishlab chiqish imkoniyatini
kengaytiradi.
Shuningdek,
ilmiy kengashlar faoliyatini modernizatsiya qilish va dissertatsiyalar sifatiga
qoʻyilayotgan talablarning oshirilishi sohada raqobat muhitini kuchaytiradi. Bu
esa ilmiy darajalarning nufuzini oshirib, haqiqatan ham yangi bilim yarata
oladigan tadqiqotchilarni shakllantirishga xizmat qiladi.
Bugun
antropologiya sohasida arxeologiya, tarix, genetika, geoaxborot tizimlari,
raqamli texnologiyalar va sunʼiy intellektni birlashtirgan koʻp tarmoqli
tadqiqotlar dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Yangi siyosat ana shunday
integratsiyalashgan yondashuvlarni qoʻllab-quvvatlaydi.
Umuman
olganda, mazkur farmonni Oʻzbekiston ilm-fani rivojida muhim burilish nuqtasi
deb baholash mumkin. Uning amaliy natijalari yaqin yillarda ilmiy kadrlar
sifati oshishi, xalqaro maydonda raqobatbardosh tadqiqotlar soni koʻpayishi va
ilm-fanning mamlakat taraqqiyotidagi oʻrni yanada mustahkamlanishida namoyon
boʻladi. Antropologiya instituti esa ushbu jarayonlarning faol
ishtirokchilaridan biriga aylanishi shubhasiz.
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri
Risolat MADIYEVA suhbatlashdi.