Unda Balx davlat universiteti va “Turkiston” universitetining oʻqituvchi va talabalari, mahalliy oʻzbek diasporasi ziyolilari ishtirok etdi.

Anjumanda soʻzga chiqqan “Turkiston” universiteti rektori Abdul Hodiy Qodiriy 2004-yilda boʻlib oʻtgan Loyi-Jirgʻada mamlakatda pushtu va dariy tillari qatorida oʻzbek tiliga ham rasmiy maqom berilganini taʼkidladi. Mamlakat muvaqqat hukumati bugungi kunda yangi Konstitutsiya loyihasini ishlab chiqish jarayonida oʻzbek tilining Afgʻonistonda tutgan mavqeini eʼtiborga olishga ishonch bildirayotgani qayd etildi.

“Turkiston” universitetining ilmiy ishlar boʻyicha prorektori Abdul Qayum Turobiy Oʻzbekiston tomonidan Afgʻonistonga koʻrsatilayotgan iqtisodiy va gumanitar koʻmak, Oʻzbekiston buyuk muhaddis allomalar Imom Buxoriy va Imom Termiziyning yurti ekani, oʻzbek xalqining jahon ilm-fani va taraqqiyotiga qoʻshgan munosib hissasi toʻgʻrisida soʻz yuritdi. U oʻz maʼruzasida bugungi Afgʻoniston yoshlari qoʻshni davlatlar, jumladan, Oʻzbekiston yoshlari bilan madaniy-maʼrifiy aloqalarni rivojlantirishi muhim ahamiyat kasb etishini urgʻuladi. Shu bilan birga prorektor Oʻzbekiston oliy oʻquv yurtlarida tahsil olayotgan afgʻon yoshlari oʻz vataniga qaytishgach, xalq xoʻjaligining turli sohalarida samarali faoliyat olib borishiga ishonch bildirdi.

Balx davlat universiteti tibbiyot fakulteti katta oʻqituvchisi va Afgʻoniston turkiy xalqlar ziyolilari uyushmasi aʼzosi Abdulsattor Samadiy Afgʻonistonda yashayotgan barcha millat va elatlar vakillarini oʻzaro birdamlikka chaqirar ekan, oʻzbek xalqining jahon tamadduni va islom madaniyati rivojiga qoʻshgan beqiyos hissasi hamda uning milliy anʼanalari haqida atroflicha fikr yuritdi.

Anjuman chogʻida Afgʻoniston oliy oʻquv yurtlarining vakillari oʻzbek tili va adabiyoti asoschisi Alisher Navoiyning boy ijodiy va maʼnaviy merosi, buyuk mutafakkir qalamiga mansub asarlar, shuningdek, Afgʻonistonda oʻzbek tili va adabiyotining rivojiga katta hissa qoʻshgan olim va mutaxassislar ijodi haqidagi fikrlarini bayon qildi, deb xabar beradi “Dunyo” AA.