Tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi raisi Z.Nizomxoʻjayev soʻzga chiqib, joriy yilda boʻlib oʻtajak saylovlarga tayyorgarlik va uni oʻtkazish jarayonida gender tenglikni taʼminlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar xususida alohida toʻxtaldi.

Z.Nizomxoʻjayevning taʼkidlashicha. MSK tomonidan saylovning barcha bosqichlarida xotin-qizlarning munosib ishtirok etishini kuzatuvchi 11 ta indikator ishlab chiqildi. Ushbu indikatorlar bu yilgi saylov kampaniyasidan boshlab amaliyotga tatbiq qilinmoqda.

Ushbu indikatorlar boʻyicha ayrim raqamlar:

Bugungi kunga qadar akkreditatsiyadan oʻtkazilgan mahalliy va xorijiy OAV vakillarining 1565 nafaridan 437 nafarini (32,6%) xotin-qizlar tashkil qilmoqda. Saylovchilarning yagona elektron roʻyxatidagi saylovchilarning 17-oktyabr holatiga 10 762 291 nafari (50,6%) ayollar tashkil etadi.

Ayni paytda MSK Prezident saylovi kampaniyasi jarayonlarining shaffofligi va inklyuzivligini taʼminlash, ayollar, yoshlar va imkoniyati cheklangan shaxslarning saylovda faol ishtirokini qoʻllab-quvvatlashga alohida eʼtibor qaratmoqda.

Bu borada MSK BMT Taraqqiyot dasturining Oʻzbekistondagi vakolatxonasi bilan hamkorlikda “Oʻzbekistonda 2019-2021-yillarda saylov jarayonini qoʻllab-quvvatlash” qoʻshma loyihasi doirasida “Saylov va gender: siyosat sohasida xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha xalqaro va milliy amaliyot” turkumidagi seminarlarni tashkil etmoqda.

Oʻquv seminarlari Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligining hududiy boʻlinmalari, ayollarni qoʻllab-quvvatlash sohasidagi nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari xotin-qizlarning saylov jarayonidagi ishtiroki borasidagi kasbiy bilim darajasini oshirishga qaratilgan boʻlib ayollarning saylovga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazishning barcha bosqichlarida ishtirok etish imkoniyatlarini yanada oshiradi.

Shuningdek, oʻquv seminari ishtirokchilari uchun “Saylov va gender: siyosat sohasida xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha xalqaro va milliy amaliyot” deb nomlangan uslubiy qoʻllanma yaratildi. Ushbu qoʻllanmaning elektron versiyasi MSK (https://saylov.uz) va BMTTD (https://www.uz.undp.org) rasmiy veb-saytlariga joylashtirildi.

Bahor XIDIROVA,

“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri