MTM tarbiyalanuvchilarida ommaviy oʻtkir diareya qayd etildi

    Bogʻcha taomlaridan olingan namunalarda ichak tayoqchalari guruhiga mansub bakteriyalar (ITBG) aniqlandi.

    Holat yuzasidan Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati quyidagilarni maʼlum qildi.

    Joriy yilning 28-sentyabr kuni Toshkent viloyati Quyi Chirchiq tumani tibbiyot birlashmasi yuqumli kasalliklar boʻlimiga 8-sonli maktabgacha taʼlim tashkilotining 23 nafar tarbiyalanuvchisi koʻngil aynishi, qayt qilish, ich ketishi, tana haroratining (37-39 0S) koʻtarilishi va tomogʻida ogʻriq shikoyatlari bilan murojaat qilishgan. Shifokorlar koʻrigidan soʻng ulardan 15 nafariga “Oʻtkir respirator infeksiya. OʻRI. Funksional diareya” birlamchi tashhisi qoʻyilib, shifoxonaga yotqizilgan. 8 nafariga esa koʻrsatilgan birinchi tibbiy yordamdan keyin qoniqarli ahvolda (ota-onalari shifoxonaga yotqizishdan bosh tortishgan) uylariga ruxsat berilgan.

    Yuzaga kelgan vaziyatni joyiga chiqib oʻrganish va bemorlarni davolash hamda epidemiyaga qarshi tadbirlarni oʻtkazishda mahalliy mutaxassislarga amaliy yordam koʻrsatish uchun Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati, Respublika ixtisoslashtirilgan epidemiologiya, mikrobiologiya, yuqumli va parazitar kasalliklar ilmiy-amaliy tibbiyot markazi mutaxassislari Toshkent viloyati Quyi Chirchiq tumaniga yuborildi.

    Shifoxonada bemor bolalarga malakali tibbiy xizmat koʻrsatilgan, tegishli laboratoriya tahlillari uchun namunalar olingan. Oʻtkazilgan muolajalardan keyin ahvoli yaxshilangan barcha bemorlarga 2-oktyabrga qadar uylariga ruxsat berilgan.

    MTT ichimlik va oqova suv tizimlari, oshxona anjomlari, havo soʻruvchi ventilyatsiya tizimi, hojatxonalar sanitariya-gigiyena talablariga toʻliq amal qilinmayotgani aniqlandi.
    Bundan tashqari, MTTda faoliyat yuritayotgan xodimlardan, 4 nafari tibbiy koʻrikdan oʻtmagan.

    MTTda taomlari (sutkalik namunalar) va oziq-ovqat mahsulotlari, oshxona anjomlari va yuzalaridan olingan namunalarda ichak tayoqchalari guruhiga mansub bakteriyalar (ITBG) aniqlandi.

    Aniqlangan kamchiliklarni bartaraf qilish hamda kelgusida maktabgacha taʼlim tashkilotlari tarbiyalanuvchilari orasida ovqatdan zaxarlanish holatlariga yoʻl qoʻymaslik yuzasidan Maktabgacha taʼlim vazirligiga xat kiritildi.

    2022-yil 30-sentyabrdan 8-MTTning ish faoliyati yoʻl qoʻyilgan kamchiliklar bartaraf etilgunga qadar vaqtincha toʻxtatilgan hamda MTT direktoriga nisbatan maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirilgan.

    Maʼlumot oʻrnida shuni aytish lozimki, respublikamizdagi barcha taʼlim muassasalari va maktabgacha taʼlim tashkilotlaridagi sanitar-gigiyenik holatlar tizimli ravishda Sanepidxizmat mutaxassislari tomonidan oʻrganib borilmoqda.