Maʼlum qilinishicha, “2021-yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining Davlat byudjeti toʻgʻrisida”gi qonunga asosan 2021-yilda isteʼmol narxlari indeksi 9-10% miqdorda boʻlishi prognoz qilingan.

Shunga koʻra, qarorda davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlarida bolalar taʼminoti uchun ota-onalar toʻlovi miqdorlarini 2021-yilning 1-maydan boshlab oʻrtacha 15% oshirish koʻzda tutilgan.

Maktabgacha taʼlim tashkilotlari va maktab-internatlardagi bolalar taʼminotiga haq toʻlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomga asosan davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlarida bola taʼminoti uchun ota-onalardan undiriladigan toʻlovlardan tushgan mablagʻlar bolani ovqatlantirish xarajatlariga, shuningdek, ota-onalardan tushgan mablagʻlarning 5 foizidan ortmagan qismi tashkilotning moddiy-texnika bazasini yaxshilashga, avvalambor, sanitariya-gigiyena vositalari va yumshoq inventarlar xarid qilishga yoʻnaltiriladi.

Hozirga qadar davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlariga ota-onalar toʻlovidan tushgan mablagʻlar toʻliqligicha bolani ovqatlantirish xarajatlariga yoʻnaltirib kelinmoqda.

Maʼlumot uchun: Davlat statistika qoʻmitasi hisobotlariga koʻra, 2020-yil davomida oziq-ovqat mahsulotlari narxlarining oʻrtacha oʻsish darajasi 15,3%ni tashkil etgan. Xususan, non mahsulotlari 15,2%, goʻsht, parranda goʻshti va baliq narxlari 18,1%, sut mahsulotlari narxi 11,5%, tuxum narxi 37,6%, mevalar, sabzavotlar va kartoshka narxlari 11,9%, yogʻ va moylar 27%, shakar, choy va boshqa mahsulotlar 11,8% oshgan.