UZREPORT TV telekanali sudga murojaat qilishining sababi “Unitel” MChJ (“Beeline” savdo belgisi) kompaniyasi oʼziga tegishli boʼlgan “Beeline TV” mobil ilovasida UZREPORT TV bilan shartnoma tuzmasdan UZREPORT TV va FUTBOL TV telekanallarini namoyish qilib, moddiy manfaat koʼrib kelmoqda.
Vaholanki, Oʼzbekiston Respublikasining “Mualliflik huquqi va turdosh huquqlar toʼgʼrisida”gi Qonunining 19-moddasiga binoan yuridik va jismoniy shaxslar, asardan faqat huquq egasi yoki boshqa vakolatli shaxs bilan tuzilgan shartnomaga binoan foydalanishlari mumkinligi belgilangan.
Qonunning 62-moddasiga koʼra, huquq egasi bilan shartnoma tuzmasdan asarlar yoki turdosh huquqlar obʼyektini takrorlash, tarqatish yoki undan boshqacha tarzda foydalanish mualliflik huquqi va turdosh huquqlarni buzish hisoblanadi. Qonun normasiga binoan, asardan daromad olish maqsadida foydalanilganligi yoki undan foydalanish bunday maqsadga qaratilmaganligidan qatʼi nazar, asardan foydalanilgan, deb hisoblanadi.
Demak, asardan muallif ruxsatisiz har qanday foydalanish qonun bilan ta’qiqlangan. Qonunlarga va muallif huquqiga rioya qilmagan shaxslarga esa ma’muriy javobgarlik belgilanadi.
Telekanal bergan maʼlumotda mazkur harakatlari bilan “Unitel” MCHJ UZREPORT TV telekanalining qonuniy huquqlarini buzayotgani aytilgan.
UZREPORT TV tomonidan bir necha bor ogohlantirilishiga qaramasdan “Unitel” MChJ kompaniyasi tomonidan hech qanday chora koʼrilmagan.
UZREPORT TV sudga kiritgan da'vo arizasida “Unitel” MCHJ kompaniyasi “Beeline TV” mobil ilovasida UZREPORT TV va FUTBOL TV telekanallarini shartnoma tuzmasdan namoyish etmaslikni soʼragan, deya xabar beradi Adliya vazirligi huzuridagi Intellektual mulk agentligi rasmiy kanali.