Xabaringiz bor ijtimoiy tarmoqlarda shoir Roʻziyev Yoʻlchi Ziyodullayevichga tegishli boʻlgan “Xasta boʻlma” sheʼrini Oʻzbekiston Xalq artisti Yulduz Usmonova tomonidan kuylangani va buning uchun shoirga hech qanday mualliflik haqi bermaganligi toʻgʻrisidagi xabarlar tarqalgan edi.
Darhaqiqat, shoir Y.Roʻziyev oʻziga tegishli boʻlgan “Xasta boʻlma” sheʼrini 2016-yil 16-aprel kuni yozib tugatgan.
“Xasta boʻlma” sheʼrining muallifi shoir Y.Roʻziyev Fuqarolik ishlari boʻyicha Mirzo Ulugʻbek tumanlaroro sudiga mualliflik huquqlari buzilishiga chek qoʻyish, mualliflik huquqlari buzilgani uchun tovon puli va maʼnaviy zararlarni undirish yuzasidan daʼvo arizasini kiritgan edi.
2021-yil 29 oktabr kuni Fuqarolik ishlari boʻyicha Toshkent shahar Mirzo Ulugʻbek tumanlararo sudida shoir Yoʻlchi Roʻziyev hamda xonanda Yulduz Usmonovaning ochiq sud majlisi boʻlib oʻtdi.
Sud majlisida muallif Yoʻlchi Roʻziyevning “Xasta boʻlma” sheʼridan haq toʻlanmasdan foydalanilganligi va bu, oʻz navbatida, mualliflik huquqlarining buzilishi ekanligi tomonlarning ishonchli vakillari ishtirokida muhokama qilindi.
Birinchi instansiya sudining qaroriga koʻra daʼvo arizasi qisman qanoatlantirildi va javobgar Yulduz Usmonova hisobidan daʼvogar Yoʻlchi Roʻziyev foydasiga koʻrilgan maʼnaviy zarar uchun 50 million soʻm miqdorida pul hamda BHMning 500 baravari miqdoridagi tovon puli, umumiy miqdorda 185 million soʻm undirish belgilandi.
Shundan soʻng, javobgar Yulduz Usmonova tomonidan birinchi instansiya sudining qaroridan norozi boʻlib Toshkent shahar sudining fuqarolik ishlari boʻyicha sudlov hayʼatiga apellyatsiya shikoyati kiritilgan edi. Apellyatsiya instansiyasi tomonidan xonandaning shikoyati bir qancha sud majlislarida koʻrib chiqildi va ishda mutaxassislarning fikri eshitilib, dalillarga baho berildi. Apellyatsiya instansiyasining 2022-yil 18-yanvardagi qarori bilan javobgar Yulduz Usmonovaning apellyatsiya shikoyati talablarini qanoatlantirish rad etildi va birinchi instansiya sudining qarori oʻz kuchida qoldirildi.
Apellyatsiya instansiyasining qarori eʼlon qilinishi bilan birinchi instansiya sudining hal qiluv qarori qonuniy kuchga kirdi. Endi xonanda ushbu pul mablagʻlarini toʻlashi lozim boʻladi. Pul mablagʻlari ixtiyoriy toʻlanmagan taqdirda vakolatli organlar tomonidan sudning hal qiluv qarori majburiy ijro qilinadi.