Bugun mutaxassislar Jizzax shahridagi 18-maktabning uyda taʼlim oladigan oʻquvchilariga yaratilgan sharoitlar bilan tanishib, ularning muammosini oʻrgandi. Maktabga 4 nafar oʻquvchi biriktirilgan boʻlib, ular tengdoshlari singari maktabga kelib oʻqish imkoniga ega emas. Ularning xonadonlariga borib oʻrganilganda kamchiliklar mavjudligi aniqlandi.
Jizzax shahri “Ulugʻbek” MFYda yashovchi Z.R. shu maktabning 7-sinf oʻquvchisi. Uning dars jadvali koʻzdan kechirilganda 13-martdan buyon matematika fani oʻqituvchisi umuman dars oʻtmagani maʼlum boʻldi. Onasi qizining sinf rahbariga bir necha bor matematika fani oʻqituvchisini almashtirib berishni soʻrab murojaat qilgan, lekin iltimosi eʼtibordan chetda qolgan. Bundan tashqari, ingliz tili, geografiya kabi fanlardan ham anchadan buyon oʻqituvchilar kelib mashgʻulot oʻtmayotgani aniqlangan.
Uyda taʼlim olayotgan yana bir qiz — 2-sinf oʻquvchisi Ch.H.ning sinf rahbarining oʻquv mashgʻulotlarini oʻtish toʻgʻrisida maʼlumotlar yozilgan kundaligi koʻrilganda aprel oyining oʻzida koʻp mashgʻulotlar oʻtilmagani maʼlum boʻldi. Boisi, oʻqituvchining daftariga u kelib-ketganligi toʻgʻrisida maʼlumot tariqasida oʻquvchining ota-onasi imzo qoʻyadigan joy boʻsh. Bu esa bir oy davomida oʻtilishi lozim boʻlgan koʻp darslar oʻz vaqtida oʻtilmaganini bildiradi. Bundan tashqari, maktab oʻqituvchilari uyda taʼlim oladigan oʻquvchilar, ularning dars mashgʻulotlari haqida birorta maʼlumot yozib borilmayotgani aniq boʻldi. Bu esa, oʻz navbatida, inklyuziv taʼlim olayotgan oʻquvchilarga nisbatan befarqlik mavjudligini koʻrsatadi.
Shu maktabning 3-sinf oʻquvchisi A.T. xonadonida borilganda maktab tomonidan barcha sharoit yaratilgani, darslar oʻz vaqtida oʻtilayotgani ayon boʻldi. Biroq bolakayning buvisi boshqa jihatdan eʼtirozi borligini maʼlum qildi. Aytishicha, ular roʻyxatda turgan 3-oilaviy poliklinikadan birorta shifokor kelib, nevarasidan xabar olmasligini, bolakayni davolatish uchun qancha harakat qilishmasin, sansalorlikdan charchab ketganini aytdi.
Kasalligi tufayli maktabga bora olmayotgan bu kabi bolajonlarning nafaqat taʼlim, balki tibbiyot xizmatlardan foydalanish boʻyicha ham isteʼmolchi sifatida huquqi koʻp hollarda buzilayotganini guvohi boʻlmoqdamiz. Bu oʻrganishlardan koʻzlangan asosiy maqsad uyda taʼlim olayotgan oʻquvchilar muammosini oʻrganish va hal etishdan iborat, deyiladi Oʻzbekiston isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi axborot xizmati xabarida.