Tinch, osuda, farovon hayot oʻz-oʻzidan kelmaydi, albatta. Uning barqarorligini taʼminlash aslida osongina hal etiladigan masala emas. Shu boisdan ham oilaga mamlakatimizning ichki siyosatidagi muhim bugʻin sifatida qaraladi. Olib borilayotgan islohotlarning mazmun-mohiyatida asosiy oʻringa ega.
Bugungi kunda Xorazm viloyatida 512 ming 21 ta oila mavjud. Ular orasida notinchlari, nochorlari, nikohi buzilganlari, nogiron farzandi borlari, boquvchisini yoʻqotganlari uchraydi. Ayniqsa, nizoli oilalar soni ortib borayotgani eng ogʻriqli muammolardan biri boʻlib, bu kabi oilalar bilan alohida ish olib borishni talab etmoqda.
Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi tizimida hududlar kesimida notinch oilalarning har biridagi notinchlik sabablarini oʻrganish, ushbu oilalardagi muhitni sogʻlomlashtirish boʻyicha mazilli dasturlar ishlab chiqilib, tegishli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, Xorazm viloyatidagi 4035 ta oilalardagi notinchlik holatlari chuqur oʻrganilganda, 33 tasida ishsizlik, 31 tasida moddiy yetishmovchilik, 172 tasida ruhiy kasallarning mavjudligi, 577 tasidagi turli oilaviy kelishmovchiliklar, jumladan 12 tasida rashk, 133 tasida esa mol-mulk talashish, 19 tasida giyohvandlik va 3058 tasidagi ichkilikbozlik bilan bogʻliq muammolar turli nizolarning kelib chiqishiga sabab boʻlayotgani maʼlum boʻldi. Har bir shahar va tumanlar kesimida bu kabi oilalarning manzilli roʻyxati shakllantirilib, ularni sogʻlomlashtirish maqsadida davlat organlari hamda jamoat tashkilotlari vakillaridan iborat “Maqsadli guruh”lar tashkil qilindi. Ushbu oilalar bilan ishlash uchun mahalla hududida joylashgan taʼlim muassasalarida faoliyat olib borayotgan psixologlar jalb etilmoqda. Joriy yilning 5 oyi davomida Xorazm viloyatda 983 ta oilalardagi notinchliklar bartaraf qilindi.
– Ularni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash oldimizdagi dolzarb vazifalardan sanaladi, — deydi Xorazm viloyat mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash boshqarmasi boshligʻining birinchi oʻrinbosari, Oʻzbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasidan Xalq deputatlari Xorazm viloyat Kengashiga saylangan deputat Gulsara Qurbanbayeva. – Notinch oilalar bilan alohida suhbatda boʻlib, ularga yoʻl-yoʻriq koʻrsatib, koʻzga tashlangan muammo va kamchiliklarga yechim topishga harakat qilyapmiz. Tegishli tashkiloyatlar ham jalb etilgan. Oilalardan kelib tushayotgan har bir murojaatdaga oʻz vaqtida javob qaytarib, ularni ijobiy hal etish choralarini koʻrishga harakat qilyapmiz. Hech bir murojaat eʼtibordan chetda qolmaydi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil 18-fevraldagi “Jamiyatda ijtimoiy-maʼnaviy muhitni sogʻlomlashtirish, mahalla institutini yanada qoʻllab-quvvatlash hamda oila va xotin-qizlar bilan ishlash tizimini yangi darajagi olib chiqish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi
Farmoni ijrosini taʼminlash maqsadida “Obod va xavfsiz mahalla” tamoyili asosida bugungi kunda mamlakatimizning barcha hududlarida yangi tizimda ishlar olib borilmoqda. Xotin-qizlar oʻrtasida huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish, birinchi navbatda, huquqbuzarlikka moyilligi boʻlganlar bilan yakka tartibda ishlash hamda jazoni ijro etish muassasalaridan ozod qilingan xotin-qizlarni ijtimoiy reabilitatsiyasi borasida joriy yilda bir qator ishlar amalga oshirildi.
Bugungi kunda Xorazm viloyatida jinoyatchilikka moyilligi boʻlgan xotin-qizlar soni 185 nafarni tashkil qiladi. Shu yilning 5 oyi davomida viloyatda 56 nafar xotin-qizlar tomonidan 67 ta jinoyat sodir qilingan. Shahar va tumanlar kesimida tahlil qilinganda, oʻtgan yilning shu davriga nisbatan ayrim hududlarda jinoyatchilik bilan bogʻliq holatlar oshganini koʻrsatadi.
Ogʻir ruhiy axvoldagi xotin-qizlar bilan doimiy ravishda yakka tartibda profilaktik tadbirlar amalga oshirilmoqda. Oilaviy ahvoli oʻrganilib, kam taʼminlangan ayollarning 4 nafariga homiylar tomonidan 50 tadan joʻja parrandachilik bilan shugʻullanishlari uchun berildi hamda ularning bir yillik mavsumiy bandligi taʼminlandi.
Mahallalarda huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish, xalqimiz tinchligi, osoyishtaligini taʼminlash, oilalar faravonligini oshirish borasida oʻtkazilgan targʻibot tadbirlari natijasida oilalardagi huqubuzarliklar oʻtgan yilga nisbatan birgina Yangibozor hamda Hazorasp tumanlarining oʻzida 4 taga kamayishiga erishildi. Shuningdek, jinoyat sodir etgan 56 nafar hamda jazoni ijro etish muassasalaridan ozod etilgan 13 nafar ayollarning mahallalardagi mahalla fuqarolar yigʻini raisining oila, xotin-qizlar va ijtimoiy-maʼnaviy masalalar boʻyicha oʻrinbosarlari, shuningdek, mahallada yashovchi namunali xonadon aʼzolari murabbiy qilib biriktirildi.
Koʻrilayotgan chora-tadbirlarga qaramasdan oilaviy kelishmovchiliklarga butkul barham berib boʻlmayapti. Oilaviy muammolar haqida soʻz ketar ekan, hayolimizni koʻplab salbiy fikrlar bilan band etib boʻlgan. Afsuski, aslida ham shunday. Ushbu munosabatlarda toʻla muvaffaqiyatga erishish istagi ogʻriqli nuqtalardan biri boʻlib qolmoqda. Biz ana shu holatga qarshi kurashni aniqlangan vaqtdan boshlasak biror natijaga erishishimiz qiyin boʻladi. Odob-axloq, mehr-muhabbat, oqibat ustunligi oilada totuvlikni taʼminlashning eng birinchi zarurati. Demak, ana shu fazilatlarni sifatlarni oldindan mustahkamlab quyishga intilishimiz kerak. Tan olish kerak, har bir oilaning moddiy, maʼnaviy ehtiyojlari bor. Muammo va nizolar qarama-qarshilikdan kelib chiqadi. Xoʻsh, yechim qanday? Biz nima qilsak tinch-totuv yashaymiz. Buning siri hamjihatlik va ogʻizbirchilikda. Hayotimizni ezgu gʻoyalarga boʻysundirganimiz sari u yanada goʻzal, jozibali, benuqson boʻlib boradi. Oila gullab-yashnaydi. U jamiyatning shunchaki tinchlik-totuvlik xukm surayotgan boʻgʻini boʻlibgina qolmay, insoniyatni ulugʻvorlikka, yuksaklikka eltadigan manbaga aylanadi.
Gulnoza UMIROVA,
Oʻzbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi
Xorazm viloyat kengashi matbuot kotibi.