Sirdaryo viloyati davlat soliq boshqarmasi boshligʻi, 4-sektor rahbari J.Gʻoyibov tomonidan joriy yilning 20-noyabr kuni Mirzaobod tumanining “Bogʻiston” va “Yangihayot” mahallalarida navbatdagi sayyor qabul tashkil etildi.
Uyma-uy yurib, mahalla koʻchalari boʻylab oʻtkazilgan sayyor qabulda tegishli tashkilot vakillari, 4-sektor ishchi guruhi aʼzolari hudud aholisining murojaat va masalalarini oʻrganishdi.
Sayyor qabulda jami 6 nafar fuqarodan 9 ta masala boʻyicha murojaat kelib tushdi. Murojaatlarning 5 tasi qanoatlantirildi, 1 tasi tushuntirildi, 3 tasi ijroga qaratildi.
Jumladan, “Bogʻiston” mahallasi “Istiqlol” koʻchasi 3-uy da yashovchi fuqaro Alisher Suyunov xonadonidagi issiqxonada uzumchilik bilan shugʻullanayotganligi, hozirgi kunda pensiya yoshiga yana bir yil borligi biroq ish staji yetmasligi toʻgʻrisida qilgan murojaati soliq idorasi vakillari tomonidan ijobiy hal etildi. Gap shundaki, shu kuni oʻzini oʻzi band qilganlar roʻyxatiga kiritilgan A.Suyunov endilikda zarur ish stajiga ega boʻlishi mumkin. Bu haqda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 8-iyundagi qarorida belgilab qoʻyilgan.
Shu kuni fuqarolardan kam foizli kredit olishda, mahalla tomonidan moddiy yordam berishda, sovuq kunlarda tabiiy gaz bosimining pastlab ketishi natijasida xonadonlarni isitishda hamda ichimlik suvi keltirilishida yuzaga kelayotgan muammolar boʻyicha murojaatlar kelib tushdi.
Sayyor qabul davomida kam taʼminlangan, ehtiyojmand hamda bemor yotganlar holidan xabar olindi. Ularga zarur oziq-ovqat mahsulotlari yetkazildi.
A.Abduvaliyev,
Sirdaryo viloyati davlat soliq boshqarmasi bosh inspektori.