Haqiqiy muhandislik gʻoyasi muayyan muammoni boshqacha usullar bilan hal qilish yoʻllarini izlashdan boshlanadi. Ammo gʻoyaning oʻzi yetarlimi? Uni sinab koʻrish, tekshirish, qayta ishlash, oxir-oqibat gʻoyani prototipga va yangi mahsulotga aylantirish uchun, birinchi navbatda, muhit kerak.

Qarshi davlat texnika universitetida ishga tushirilgan “Muhandislik ilmiy-ishlab chiqarish markazi” (fab-lab) ana shunday muhitni shakllantirishga qaratilgan. Bundan maqsad yosh olimlar va talabalarning muhandislik-texnika yoʻnalishidagi innovatsion gʻoya va ishlanmalarini amaliyotga tatbiq etish, ularning tajriba nusxalarini tayyorlash hamda taʼlim, ilm-fan va ishlab chiqarish integratsiyasini kuchaytirishdir.

Ayni paytda markazda 6 ta sex va 4 ta laboratoriya faoliyat yuritmoqda. 148 talaba ish bilan taʼminlangan hamda ilmiy-innovatsion faoliyatga jalb qilingan. Bu yerda 30 ga yaqin xizmat turi mavjud boʻlib, kasb-hunarga oʻrgatish bilan birga 20 dan ziyod mahsulot ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyilgan. Ushbu raqamlarning oʻziyoq markaz oddiy laboratoriya emasligini koʻrsatadi. U — taʼlim, ilm-fan, ishlab chiqarish va tadbirkorlik kesishadigan nuqta.

Odatda texnikaga ixtisoslashgan oliy taʼlim muassasalarida talabalar tayyor texnologiyani oʻrganadi. Laboratoriya ishini bajaradi va imtihon topshiradi. Fab-lab falsafasida esa savol boshqacha qoʻyiladi: “Siz nima yarata olasiz?”. Bu farq juda muhim. Sababi muhandislik kompetensiyasi faqat nazariya orqali shakllanmaydi. Yaʼni mazkur tizimda talaba tayyor bilimni oʻzlashtirishdan yangi yechim yaratishga oʻtadi.

Universitetimizdagi markazning tuzilishi ham kompleks xususiyatini ifoda etadi. Fab-labning birinchi qavatida raqamli kontent markazi hamda universal muhandislik, energiya auditi, quyosh qurilmalarini oʻrnatish va taʼmirlash, kompozitsion materiallar hamda raqamli muhandislik dizayni yoʻnalishlaridagi sexlar faoliyat yuritadi. Ikkinchi qavatdan esa mexatronika va robototexnika, chorvador mutaxassislarga ilmiy-innovatsion xizmatlar, innovatsion topogeodeziya va raqamli kadastr, ekologiya, noorganik moddalar kimyosi yoʻnalishlaridagi ilmiy laboratoriyalar hamda startapchi yoshlar uchun kovorking markazi oʻrin olgan.

Har bir tarmoqning oʻz yoʻli va strategiyasi bor. Masalan, raqamli muhandislik dizayni sexida turli dizayn xizmatlari koʻrsatiladi. Bu yerda muhandislik gʻoyasining birinchi bosqichi — raqamli modellashtirish va dizayn ishlari bajariladi.

Sexda olingan kompozitsion materiallardan buyumlar ishlab chiqariladi. Bu yoʻnalish materialshunoslik va yangi materiallar asosida mahsulot yaratish imkoniyatini kengaytiradi. Bundan tashqari, “Energo Control Lab” energiya audit markazida yosh olimlar va talabalar energiya auditi xizmatini koʻrsatadi va energiya­dan samarali foydalanish bilan bogʻliq masalalarni oʻrganish bilan shugʻullanadi.

Markazdagi laboratoriyalar majmuasi ilmiy-tadqiqot poligoni vazifasini oʻtaydi. “Innovatsion topogeodeziya va raqamli kadastr” ilmiy-innovatsion xizmatlar koʻrsatish markazi esa geodeziya, raqamli texnologiyalar va kadastr sohalarini oʻzida jamlagan boʻlib, talabalarning sohaga oid bilimlarini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.

“Eko tahlil” ilmiy-tadqiqot laborato­riyasi suv, tuproq tahlili va atrof-muhit bilan bogʻliq tadqiqotlar uchun imkoniyat yaratadi. Eng qiziqarli yoʻnalishlardan biri — noorganik moddalar kimyosi ilmiy-tadqiqot laboratoriyasi. Bu yerda litiy, rux va kaliyli birikmalarni sintez qilish, yangi kimyoviy birikmalar sintezi hamda ularning fizik-kimyoviy tahlili oʻtkaziladi.

Mazkur laboratoriyalarning bir binoda jamlangani juda muhim. Sababi kelajakdagi murakkab texnologiyalar bitta fan doirasida yaratilmaydi. Masalan, robototexnikaga mexanika ham, elektronika ham, dasturlash ham kerak. Energetikada esa materialshunoslik, kimyo, avtomatlashtirish va raqamli texnologiyalar birlashadi. Fab-labning kuchli jihati shunda, yaʼni unda fanlar oʻrtasida “devor” boʻlmaydi.

Albatta, fab-lab gʻoyasi Qarshida paydo boʻlgan mahalliy tashabbus emas. U bugun turli mamlakatlarda rivojlanayotgan global harakatning bir qismi. Ularning xalqaro konsepsiyasi ham aynan shu gʻoyaga asoslangan.

Bu gʻoyani dastlab Massachusets texnologiya instituti professori Nil Gershenfeld ilgari surgan. U raqamli texnologiyalar yordamida “deyarli istalgan narsani yasash” imkoniyatini oʻrgana boshlagan. Uning fikri juda qiziq edi: kompyuterdagi raqamli gʻoyani real buyumga aylantirish. Masalan, talaba kompyuterda biror detalning 3D modelini yaratadi va keyin 3D printer, lazerli keskich yoki CNC stanogi yordamida uni haqiqiy buyumga aylantiradi.

Keyinchalik Hindiston, Kosta-Rika, Norvegiya, Gana, Finlyandiya, Ispaniya kabi davlatlarda shunday laboratoriyalar paydo boʻldi. Fab-lablar soni koʻpaygach, ularni birlashtiruvchi xalqaro tarmoq shakllandi. 2009-yilda “Fab Foundation” tashkiloti tuzildi. Uning vazifasi fab-lab tarmogʻining kengayishiga, yangi laboratoriyalar tashkil etilishiga, taʼlim va texnologiyalar almashinuviga koʻmaklashishdan iborat.

“Fab Foundation” xalqaro tashkiloti maʼlumotlariga koʻra, fab-lab tarmogʻi bugun 100 dan ortiq mamlakatda 1750 dan ziyod laboratoriyani birlashtirgan. Ayrim maʼlumotlarda global tarmoq koʻlami yanada kengaygani qayd etilgan. Bu laboratoriyalar mahalliy jamoalar, taʼlim muassasalari va ilgʻor tadqiqot markazlarigacha boʻlgan turli formatlarda ishlaydi. Demak, dunyo tajribasida muhandislik markazlarining vazifasi vaqt oʻtishi bilan oddiy prototiplashdan innovatsion ekotizimgacha kengayib bormoqda.

2025-yilda xorijlik mutaxassislar, Massachusets texnologiya instituti bitiruvchilari tomonidan Qarshi davlat texnika universitetida fab-lab faoliyatini tashkil etish maqsadida xalqaro normalar va tajribalar targʻibotiga bagʻishlangan uchrashuvlar, muloqot va seminar-treninglar oʻtkazildi. Bu, oʻz navbatida, oliygohning muhandislik markazi faoliyatining jahon tajribasi bilan integratsiyalashuvi yoʻlida muhim qadamlar tashlanishiga hissa qoʻshdi.

Oliygohimizdagi muhandislik markazining vazifasi hudud iqtisodiyoti va ehtiyoj­lariga mos modelni shakllantirishdan iborat. Qashqadaryo esa sanoat, energetika, neft-gaz, qishloq xoʻjaligi, qurilish va transport kabi yoʻnalishlar oʻzaro tutashgan hudud. Shu sababli fab-labning istiqboli juda keng. Masalan, mahalliy korxonada biror texnologik muammo paydo boʻlsa, uni universitetga olib kelish mumkin. Muammoni talaba, professor-oʻqituvchi va korxona mutaxassisi birgalikda oʻrganadi. Markazda uning kichik modeli yoki prototipi tayyorlanadi. Sinovdan oʻtkaziladi. Natija ijobiy boʻlsa, keyingi bosqichda ishlab chiqarishga moslashtiriladi.

Bu hali ilk qadamlar. Uning haqiqiy salohiyatini ochish uchun keyingi odimlar — bir nechta strategik yoʻnalishlarni belgilab olish muhim.

Birinchidan, fab-labni universitetning barcha fakulteti uchun umumiy innovatsiya platformasiga aylantirish kerak. Chunki yangi mahsulot bir fakultet emas, bir nechta soha bilimlari kesishgan nuqtada paydo boʻlishi mumkin.

Ikkinchidan, markazda startaplar inkubatsiyasini yoʻlga qoʻyish maqsadga muvofiq. Yaʼni gʻoya — prototip — sinov — biznes-model — investitsiya — ishlab chiqarish zanjiri yaratilishi lozim.

Uchinchidan, korxonalar bilan hamkorlikni chuqurlashtirish kerak. Fab-labni hududdagi sanoat korxonalarining texnologik muammolarini hal qiladigan ochiq innovatsiya markaziga aylantirish mumkin.

Toʻrtinchidan, xalqaro fab-lab tarmogʻiga kirish katta imkoniyat beradi. Dunyodagi laboratoriyalar umumiy uskunalar, metodologiya va bilim almashinuvi orqali oʻzaro bogʻlangan.

Beshinchidan, “Fab Academy” kabi xalqaro taʼlim dasturlari bilan integratsiya qilish masalasini koʻrib chiqish darkor. Bu dastur raqamli ishlab chiqarish, dizayn, elektronika, dasturlash va prototiplashni amaliy loyihalar orqali oʻrgatadi.

Demak, fab-labning eng katta vazifasi — talabani tayyor yechim kutadigan mutaxassisdan muammoni koʻrib, unga yechim taklif qila oladigan muhandisga aylantirish. Shu jihatdan Qarshi davlat texnika universitetida tashkil etilgan “Muhandislik ilmiy-ishlab chiqarish markazi”ni oddiy laboratoriya yoki ustaxona sifatida baholash kamlik qiladi. Sababi bu markaz — gʻoya va ilmiy mahsulot oʻrtasidagi koʻprik.

Dunyo tajribasiga koʻra, fab-lablar ilmiy maktab, innovatsion gʻoya, ustoz va talaba, tadbirkor va ishlab chiqarish bir-birini toʻldiradigan muhitda eng yaxshi natija beradi. Bu harakatning bugun yuzlab markazlar va minglab ilm egalarini birlashtirayotgani ham bejiz emas.

Sherzod NEʼMATOV,

Qarshi davlat texnika universiteti rektori