Maktabimizda “Ilmni qadrlang, ilmga intiling!” shiori ostida boʻlib oʻtgan “Soʻnggi qoʻngʻiroq” tadbirida Fargʻona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov ishtirok etdi. Davlatimiz rahbarining samimiy, sermazmun tabrigini oʻqib eshittirgani koʻnglimizga quvonch, shodlik olib kirdi. Shu yurtda yashab, bilim va hunar oʻrganish qanchalik baxt ekanini yana bir bor yurakdan his qildik.
Jadid bobomiz Mahmudxoʻja Behbudiyning “Ilmsiz millat, qavm asir va zaif qolur. Ilmsiz davlatning foydasi yoʻq, ilmsiz dunyodorning hayoti yoʻq”, degan hikmatli soʻzlari ilm va hunar oʻrganish qanchalik muhim ekanidan dalolat beradi. Taʼlim sifati va samaradorligini oshirish, iqtidorli oʻgʻil-qizlarni qoʻllab-quvvatlash, ragʻbatlantirish borasidagi islohotlar nafaqat shahar va tumanlar, balki chekka qishloqlarda ham bilimli va izlanuvchan yoshlar kamolotiga xizmat qilayotir.
Jumladan, Fargʻona shahridagi men taʼlim olayotgan 5-maktabdagi sharoitlar, amaliy ishlar koʻngillarga gʻurur-iftixor bagʻishlaydi. Maktabimizning bugungi koʻrinishi, oʻquvchilar va oʻqituvchilar uchun yaratilgan imkoniyatlar, moddiy-texnik baza, bunyodkorlik, obodonchilik ishlarini bundan 56 yil avvalgi holat bilan qiyoslab boʻlmaydi. Maktabimiz davlat dasturi asosida kapital taʼmirdan chiqarildi. 480 oʻrinli yangi oʻquv binosi foydalanishga topshirildi.
Buning samarasi sifatida 7-8-sinf oʻquvchilaridan iborat jamoamiz “Xorijiy tillarni oʻqitish boʻyicha eng yaxshi maktab” tanlovida 2-oʻrinni egallab, 75 million soʻm pul mukofoti bilan taqdirlandi. Fan olimpiadalarining hududiy bosqichlarida ham ona tili, fizika, tarix fanlari boʻyicha yuqori koʻrsatkichlarga erishdik. Maktabimiz oʻquvchilari “5 muhim tashabbus” doirasida oʻtkazib kelinayotgan nufuzli “5 tashabbus kitob bilan” festivalining respublika bosqichida ikki yildan buyon gʻolib boʻlib kelmoqda. Shuningdek, “Obod maktab” tanlovida birinchi oʻrinni egalladik.
Oʻzim bu yilgi fan olimpiadalarining respublika bosqichida ona tili fanidan ishtirok etib, 3-oʻrinni egalladim va muddatidan avval oliy oʻquv yurti talabasi boʻldim. Shuningdek, IELTS imtihonida ham muvaffaqiyatli ishtirok etib, 7 ballni qoʻlga kiritdim. Bu muvaffaqiyatlar oʻzidan oʻzi boʻlgani yoʻq. Avvalo, yurtimizda yoshlarga yaratilgan sharoit, imtiyoz va imkoniyatlar hamda oʻqituvchilarimizning saʼy-harakati tufayli erishdim.
Prezidentimizning “Men siz, aziz farzandlarimdan bir narsani soʻrayman: tinimsiz oʻqib, izlanib, zamonaviy bilimlarni egallashdan aslo toʻxtamang! Doimo vaqtning qadriga yetib, muntazam bilim va tajribangizni oshirib borsangiz, qatʼiy belgilab olgan reja va maqsadlaringiz sari dadil harakat qilsangiz, albatta, kelgusida katta muvaffaqiyatlarga erishasiz. Sizlarning doimo marrani baland olib, yagona kuch boʻlib harakat qilishingizga ishonaman. Sizlar bunga albatta qodirsiz”, degan purmaʼno soʻzlarini oʻzimga hayotiy shior qilib oldim. Bu soʻzlar meni va minglab tengqurlarimni yangidanyangi muvaffaqiyatga undab turadi.
Madinabonu HUSANOVA,
Fargʻona shahridagi 5-maktabning
11-sinf oʻquvchisi