Aniqlanishicha, sudlanuvchi Q. X. sharʼiy nikohidagi ikkinchi turmush oʻrtogʻi Dinara Saidovaning yashash uyiga kelib, uyda hech kim yoʻqligiga va xotini yotoqxonada bir oʻzi uxlab yotganiga ishonch hosil qilgach, uning uyquda boʻlganidan foydalanib, qoʻlida boʻlgan boʻyoq suyultirgich moddasini unga sepgan. Dinara ushbu holatdan qoʻrqib uygʻongan vaqtida qoʻlidagi yondirgich bilan uni yoqib yuborgan.

Marhuma olov alangasidan talvasaga tushib, oʻzini qutqarish maqsadida uy hovlisiga yugurib chiqib, yelim idishdagi suvni oʻz ustiga quyib, olovni oʻchirishga uringan. Biroq qahramon oʻzining jinoiy maqsadini oxiriga yetkazish maqsadida yana bir boʻyoq suyultirgichni jabrlanuvchining ustiga sepib yoqib yuborgan. Ayol oʻz jonini saqlab qolish maqsadida yelim idishdagi suvni yana egnidan quyib, koʻchaga qochib chiqqan va qoʻshnisining xonadoniga yashiringan. Ammo koʻrsatilgan tibbiy yordamga qaramasdan olgan jarohatlari tufayli oradan 13 kun oʻtib shifoxonada vafot etgan.

“Dinara bilan 2017-yilning sentyabr oyida paxta terim paytida tanishganmiz. Soʻngra munosabatlarimiz yaqinlashgach, Dinaraning roziligi bilan sharʼiy nikoh asosida turmush qurganmiz. Birga yashagan davrimiz mobaynida pul yuzasidan turli kelishmovchiliklar chiqqan boʻlsa, tez yarashib olardik. Albatta, doimiy ravishda soʻragan pullarini berib turardim. Ishlarim yurishmay qoʻygach, buning imkoni boʻlmay qoldi. Natijada soʻnggi paytlarda menga nisbatan uning xatti-harakati va munosabatlari oʻzgardi.

Hattoki, telefon raqamimni qora roʻyxatga kiritib, qoʻngʻiroqlarimga javob ham bermay qoʻydi. Pulim borligida yaxshi, ishim yurishmay qolganida esa oʻzini uzoqlashtirayotganini koʻrib, uni oʻldirish fikri xayolimga keldi. Shu sababli rejamni amalga oshirish maqsadida yuz bergan voqeani amalga oshirdim. Aybimni tan olaman, qilmishimdan pushaymonman”, — deydi sudlanuvchi.

Shuningdek, sud muhokamasida Q. X. 2020-yilning mart oyda fuqaro O. Sh. ishonchiga kirib, unga Boʻston tumanida baliq mahsulotlari muzlatib sotish bilan shugʻullanish uchun 4 ming AQSH dollari kerakligini, agar berib tursa, 1 oyda qaytarib berishini aytib, soʻngra olgan pullarni qaytarmaslik maqsadida turli bahonalarni vaj qilib 2020-yilning aprel oyidan dekabr oyiga qadar undan jami 14 ming AQSH dollari firibgarlik bilan qoʻlga kiritgani aniqlangan.

Sud hukmi bilan Q. X. Jinoyat kodeksining 97-moddasi 2-qismining “j” bandi hamda 168-moddasi 3-qismining “a” bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilgan. Unga nisbatan uzil-kesil oʻtash uchun 17 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.

Shuningdek, Q.H.dan jabrlanuvchi A.X. foydasiga jami 12.500 AQSH dollari miqdorida moddiy zarar undirish belgilangan.