28-noyabr kuni Mudofaa vazirligida Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan jurnalist Salim Doniyorovning “Yangi Oʻzbekiston orzusi” kitobi taqdimoti hamda “Yangi Oʻzbekiston” va “Pravda Vostoka” gazetasi kunlari oʻtkazildi.
Tadbirda harbiy okruglar, oliy harbiy taʼlim muassasalari va boshqa boʻlinmalar harbiy xizmatchilari hamda Qurolli Kuchlar xizmatchilari videoaloqa orqali ishtirok etdi.
Taqdimotni mudofaa vazirining vatanparvarlik targʻiboti, maʼnaviy-maʼrifiy ishlar va yoshlar masalalari boʻyicha maslahatchisi Olimjon Oʻsarov ochib berdi va Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan Yangi Oʻzbekistonni barpo etish gʻoyasi, Uchinchi Renessans poydevorini yaratish, ochiq va pragmatik davlat siyosatini amalda qaror toptirish, inson qadrini yuksaltirish kabi ustuvor yoʻnalishlar kitobda atroflicha aks etganini, mazkur asarning jamiyat hayotidagi oʻrni, yangi davrda mamlakatimizda kechayotgan ijtimoiy-siyosiy jarayonlarni xolis va samimiy tarzda yoritganini alohida taʼkidladi.
Ikki qismdan iborat mazkur asarning birinchi qismida muallif tomonidan davlat va jamoat arboblari bilan olib borilgan suhbatlar berilib, keng qamrovli fikrlar, turli sohalarda amalga oshirilayotgan islohotlar mohiyati ochib berilgan.
Ikkinchi qismda esa Vatan va millat istiqboli, mamlakat shaʼni va nufuzini yuksaltirishga qaratilgan ishlar batafsil tahlil qilingan.
Kitobga kiritilgan maqola va suhbatlar 2020–2025-yillarda “Yangi Oʻzbekiston” gazetasida chop etilgan materiallar asosida tuzilgan.
Tadbirda ishtirok etgan Harbiy xizmatchilar kitobdan oʻrin olgan maqolalar boʻyicha oʻzlarini qiziqtirgan savol va takliflarini bildirib, samimiy suhbat qurish imkoniga ega boʻldi.












