Muloqot davomida muftiy Usmonxon Alimov hazratlari Afgʻoniston ulamolarini tashrif bilan qutlab, ikki davlat oʻrtasidagi hamkorlik aloqalarini rivojlantirish, qardosh xalq oʻrtasidagi doʻstlik rishtalarini mustahkamlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar toʻgʻrisida soʻz yuritdilar. Oʻzbekiston hukumati va xalqi Afgʻonistonda doimo tinchlik boʻlishi tarafdori ekani va bu yoʻlda qoʻlidan kelgan barcha saʼy-harakatlarni amalga oshirishi, ekstremizmga qarshi kurashda ulamolarning hamkorligini rivojlantirish har tomonlama manfaatli ekani, bunday ishlar bundan keyin ham davom etishini taʼkidladilar.

Muhammad Muhsin Donesh samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirib, ikki xalqni mushtarak ildizlar birlashtirib turishi, oxirgi yillarda doʻstoni aloqalar rivojlanib borayotgani haqida soʻzladilar. Shuningdek, ushbu tashrifdan maqsad ikki davlat ulamolari hamkorligini rivojlantirish, ekstremizmga qarshi kurash ishlarida aloqalarni mustahkamlash, diniy soha xodimlari oʻrtasida oʻzaro tajriba almashish ekanini qayd etdilar, deya xabar qiladi Oʻzbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati.

Shuningdek, uchrashuvda Balh viloyati haj va vaqf boshqarmasi boshligʻi Mahmud Doneshju Muhammad Bunyod soʻz olib, Oʻzbekiston zamini qadimdan Islom dini tamadduni markazi boʻlib kelgani, Movarounnahr va Balh ulamolarining asarlari 200 dan ziyod mamlakatda oʻqitilishi, ularning ilmiy merosi taraqqiyot uchun zamin boʻlishini taʼkidladilar.

Uchrashuv davomida mehmonlar Oʻzbekistonda diniy sohadagi ishlar, xususan, masjid-madrasalar faoliyati, ilmiy markazlar va ixtisoslashgan maktablar ishlari haqida eshitib, juda ham quvonganlari, Islom dinining moʻtadil gʻoyalarini xalqqa yetkazilishi oʻzining ijobiy samarasini berayotgani, qadimda Oʻzbekiston zamini Islom dinining siymosi, ulamolari esa din peshvosi boʻlgani, bugungi kunda ham Oʻzbekiston ana shu yoʻldan ketayotganini yana bir bor tasdiqladilar.

Doʻstona va samimiy ruhda oʻtgan uchrashuv davomida muhokama etilgan mavzularda hamkorlik qilish boʻyicha oʻzaro kelishib olindi.