Muloqotda tomonlar soʻnggi yillarda Oʻzbekiston va Afgʻoniston oʻrtasidagi aloqalar rivojlanib borayotgani, turli yoʻnalishlardagi hamkorlik munosabatlari, yaqin qoʻshnichilik va doʻstlik aloqalari mustahkamlanayotganini bildirdi.
Shuningdek, davlatimiz rahbari bir necha bor dunyo hamjamiyatiga Afgʻonistonda tinch va osuda hayot uchun taqdim etgan tashabbuslari oʻzining ijobiy natijasini berayotganini alohida qayd etdilar.
Din peshvolari oʻzbek va afgʻon xalqlarini azal-azaldan mushtarak maqsadlar birlashtirib turishini ifodalash barobarida ulamolar hamkorligini yoʻlga qoʻyish, ilmiy-tadqiqot yoʻnalishida aloqalarni joriy etish yuzasidan oʻzaro fikr almashdilar.
Mehmonlar Oʻzbekiston zamini qadim-qadimdan ilm-maʼrifat taraqqiy etgan yurt ekani, dunyo tamadduniga hissa qoʻshgan buyuk mutafakkirlar yetishib chiqqanini eʼtirof etish barobarida ayni kunlarda ham ushbu diyorda turli sohalar jadal ravnaq topayotgani, ayniqsa, diniy-maʼrifiy yoʻnalishda yaxshi natijalarga erishilayotganini yuqori baholadi.
Afgʻoniston delegatsiyasi “Hazrati Imom” majmuasi, Islom sivilizatsiyasi markazi va Toshkent islom institutida ham boʻlib, poytaxtdagi “Islomobod” jome masjididagi taroveh namozida ishtirok etdi.