Mamlakatimiz hayotida Fuqarolar yigʻini raisi (oqsoqoli) saylovi muhim ijtimoiy-siyosiy jarayon sanaladi. Mazkur voqelik mamlakatimizda shakllangan demokratik saylov tizimining uzviy qismi boʻlib, unda fuqarolar oʻz xohish-irodasini erkin ifoda etadi.
Maʼlumki, joriy yilning may oyida fuqarolar yigʻinlari raislari saylovlari boʻlib oʻtadi. Ushbu saylovni oʻtkazish “Fuqarolar yigʻini raisi (oqsoqoli) saylovi toʻgʻrisida”gi 2018-yil 15-oktyabrda qabul qilingan OʻzRQ–499-sonli Qonun asosida oʻtkaziladi.
Fuqarolar yigʻini raisi saylovi 3 bosqichda oʻtkaziladi. 1-bosqich tayyorgarlik bosqichi boʻlib unda fuqarolar yigʻini raisi (oqsoqoli) saylovini tashkil etish va oʻtkazish bilan bogʻliq tashkiliy chora-tadbirlar koʻriladi.
2-bosqich asosiy bosqich hisoblanib, unda fuqarolar yigʻini raisi (oqsoqoli) saylovini oʻtkazish, saylov yakunlarini chiqariladi hamda 3-bosqichda saylovdan keyingi bosqich fuqarolar yigʻini organlarini shakllantirishdir. Saylov natijalari boʻyicha bir oy ichida fuqarolar yigʻini (fuqarolar vakillarining yigʻilishi) tomonidan fuqarolar yigʻini kengashi shakllantiriladi, (keksalar va faxriylar hamda yoshlar masalalari boʻyicha) va maslahatchilari, fuqarolar yigʻinlari faoliyatining asosiy yoʻnalishlari boʻyicha komissiyalar va taftish komissiyasi saylanadi.
Shuni taʼkidlash joizki Fuqarolar yigʻini raisi (oqsoqoli) saylovi fuqarolar yigʻini raisi (oqsoqoli) lavozimiga ikki va undan koʻp nomzod koʻrsatilgan holda amalga oshiriladi.
Fuqarolar yigʻini raisi (oqsoqoli) lavozimiga nomzodlar Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari boʻlishi, oliy maʼlumotga, bevosita saylovga qadar kamida besh yil tegishli hududda doimiy yashayotgan boʻlishi, tashkilotchilik qobiliyatiga, davlat organlarida yoki nodavlat notijorat tashkilotlarida yoxud tadbirkorlik va boshqa xoʻjalik faoliyati sohasida ish tajribasiga, shuningdek hayotiy tajribaga va aholi oʻrtasida obroʻ-eʼtiborga ega boʻlishi kerak.
Agar fuqarolar yigʻini raisi (oqsoqoli) saylovida fuqarolar yigʻinida ishtirok etuvchilar roʻyxatiga kiritilgan fuqarolarning yarmidan kamrogʻi ishtirok etgan boʻlsa, saylov oʻtmagan deb topiladi. Fuqarolar yigʻini raisi (oqsoqoli) saylovi fuqarolar vakillarining yigʻilishlarida oʻtkazilgan taqdirda, agar yigʻilishda hovlilar, uylar, koʻchalardan fuqarolar vakillarining uchdan ikki qismidan kamrogʻi ishtirok etgan boʻlsa, saylov oʻtmagan deb topiladi.
Fuqarolar yigʻini raisi (oqsoqoli) saylovi davomida yoki ovozlarni sanab chiqishda yoʻl qoʻyilgan va ovoz berish yakunlariga taʼsir qilgan tufayli saylov sud tomonidan haqiqiy emas deb topilishi qoidabuzarliklar mumkin.
Lola BEKMIRZAYEVA,
Urganch shahar yuridik xizmat koʻrsatish markazi bosh yuriskonsulti