Muhim masalalardan biri — yoshlarga IT taʼlim olishda imkoniyatlarni yanada kengaytirish va ularni kelgusida ish bilan taʼminlash

    Ta'lim 11 Fevral 2022 1289

    10-fevralda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Sherzod Shermatov “PDP” akademiyasiga tashrif buyurdi.

    AKT vaziri Sh. Shermatov markazning faoliyati va u yerda yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishdi. Oʻquv markazda taʼlim olayotgan tinglovchilar bilan suhbat uyushtirilib, fikr va takliflar almashildi.

    “PDP” akademiyasi – bu dolzarb IT kasblar boʻyicha oʻqitishga ixtisoslashtirilgan oʻquv markazi. Mazkur markazda oflayn va onlayn tarzda 10 ta yoʻnalish boʻyicha kurslar oʻqitilib, A ndroid, Python, Java. iOS, Flutter, Frontend dasturlash boʻyicha mutaxassislar tayyorlanadi.

    Hozirgi kunda markazda 60 nafar mentor va assistenlar mashgʻulot oʻtkazib, 1,6 mingdan ortiq tinglovchilar tahsil oladi. Bitiruvchilarning soni 2 mingdan oshgan boʻlib, ulardan 90 foizi ish bilan taʼminlangan. Koʻplab bitiruvchilar yetakchi mahalliy va xalqaro kompaniyalarda faoliyat koʻrsatyapti.

    Uchrashuv davomida AKT vaziri yoshlarga IT taʼlim olishda imkoniyatlarni yanada kengaytirish, ularni kelgusida ish bilan taʼminlash masalalariga alohida toʻxtalib oʻtdi, deb xabar beradi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi matbuot xizmati.