Mamlakatimizda keyingi yillarda amalga oshirilayotgan islohotlar ham aynan inson qadrini ulugʻlash, har bir fuqaroning huquq va erkinliklarini kafolatlashga qaratilgan.
Kuni kecha qabul qilingan — “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga bola huquqlarining kafolatlarini yanada kuchaytirishga hamda tazyiq va zoʻravonlikdan jabrlangan xotin-qizlarni himoya qilish tizimini yanada takomillashtirishga qaratilgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi № OʻRQ-1156-sonli Qonuni ushbu yoʻnalishdagi ishlarni yangi bosqichga olib chiqdi.
Xoʻsh, ushbu qonun hayotimizga qanday muhim yangiliklarni olib kirmoqda?
- Ilgari qonunchiligimizda “bola manfaatlari” tushunchasi ishlatilgan boʻlsa, endilikda u xalqaro standartlarga mos ravishda “bolaning eng ustun manfaatlari” degan qatʼiy tushunchaga almashtirildi.
Endilikda voyaga yetmagan bolaga taalluqli har qanday masala (xoh u oiladagi nizo boʻlsin, xoh sud yoki maʼmuriy idoradagi muhokama) koʻrib chiqilayotganda, bolaning xavfsizligi, sogʻligʻi, taʼlim olishi, oila muhitida yashashi va maʼnaviy kamoloti barcha narsadan ustun qoʻyiladi.
Eng muhimi, bolaga daxldor qaror qabul qilinayotganda uning yoshidan qatʼi nazar oʻz fikrini erkin ifoda etish va sud jarayonlarida soʻzlash huquqi qonun bilan kafolatlandi.
- Yangi Qonun oiladagi va jamiyatdagi tazyiq hamda zoʻravonlik qurboniga aylangan xotin-qizlarni ijtimoiy jihatdan reabilitatsiya qilishning aniq mexanizmlarini belgilab berdi:
Tazyiq va zoʻravonlik tufayli maxsus markazlarga (shelterlarga) joylashtirilgan ayollarning ish joyi va lavozimi saqlab qolinadi.
Ayol kishi bunday markazda boʻlgan davri uchun (bir oygacha) qonuniy ravishda vaqtincha mehnatga layoqatsizlik varaqasi olish huquqiga ega boʻldi. Bu uning ogʻir ruhiy va jismoniy holatda moddiy jihatdan qiynalib qolmasligini taʼminlaydi.
- Koʻpincha tazyiqqa uchragan ayollar moliyaviy yetishmovchilik yoki huquqiy bilimsizlik sababli sudga murojaat qila olishmas edi. Endi bu muammo davlat tomonidan hal etiladi.
Prezident huzuridagi Milliy ijtimoiy himoya agentligi, uning hududiy boʻlinmalari hamda tizimdagi maxsus markazlarga jabrlangan ayollar va ularning bolalari manfaatini himoya qilib, hech qanday davlat boji toʻlamasdan sudga ariza, shikoyat va daʼvolar kiritish vakolati berildi. Sud majlislarida ham ushbu tashkilotlarning malakali mutaxassislari ayol va bolaning yonida turib, ularning huquqlarini himoya qiladi.
Yangi qonun shunchaki qogʻozdagi qoida emas, balki har bir xonadon, har bir oila farovonligi uchun xizmat qiladigan amaliy himoya qalqonidir. Jamiyatda zoʻravonlikka qarshi murosasizlik muhitini yaratish va bolalarimiz kelajagini xavfsiz qilish — barchamizning umumiy burchimizdir.
Abdurasulova Xadichaxon,
Toshkent davlat yuridik universiteti Jinoyat huquqi,
kriminologiya va korrupsiyaga qarshi kurashish sho‘basi o‘qituvchisi