Murod aka ko'p kvartirali xonadonda yashaydi. Bir necha yil avval o'zi istiqomat qiladigan uydagi kanalizatsiya quvuridan suv oqishi qo'shnilari qatori unga ham noqulaylik tug'dirdi. Muammoni bartaraf etishlarini so'rab mulkdorlar shirkatiga murojaat qildi. Ularning “ana boramiz, mana boramiz, mablag' topilsa, to'g'irlaymiz”, degan bahonalari bilan 3 yil o'tdi. Oxiri Murod aka xonadonini sotib, boshqa joyga ko'chgach, bunday muammolardan qutildi.
Kuni kecha yangi uyida suv quvuri bilan bog'liq kichik ko'ngilsizlik yuzaga keldi. Ming ikkilanishlar bilan hududdagi ko'p qavatli uylarga xizmat ko'rsatadigan boshqaruv servis kompaniyasiga qo'ng'iroq qilgandi, 15 daqiqaga qolmay, mutaxassis etib keldi. Bir soat ichida yuzaga kelgan muammo bartaraf etildi.
Boshqaruv servis kompaniyasi ko'p qavatli uylarda tashkil etilayotgan yangi xizmat ko'rsatish shakllaridan biri. U mohiyatan mulkdorlar shirkatining bir ko'rinishi bo'lsa-da, oldiga qo'yilgan maqsad va vazifalari, ish uslubi jihatidan eski tizimdan farq qiladi. Korxona o'ziga biriktirilgan ko'p qavatli uylardagi umumiy mulkni ta'mirlash, soz holatda ishlashini nazorat qilish, uy atrofini obodonlashtirish kabi ishlarga mas'ul. Bu jihatdan ularni mulkdorlar shirkatiga raqobatchi deyish ham mumkin. Ammo bu raqobat har ikkala tizimning qay biri afzalligi, odamlar ishonchini oqlay olishi borasida aholining mustaqil tanlovini yuzaga keltirmoqda.
Shirkatlar o'zini oqlamadi(mi)?
2020-yilda Toshkent shahrining Yunusobod tumanida ko'p qavatli uylarni qonunchilikda belgilangan tartibda boshqaruv kompaniyalariga berish tajribasi ilk bor yo'lga qo'yilgan edi. O'shanda birinchilardan bo'lib tashkil etilgan “Feniks Art Servis” MCHJ bugungi kunda tumanning 13-, 14-mavzelaridagi 110 ta ko'p qavatli uyga xizmat ko'rsatyapti.
— Mazkur hududlardagi 5739 ta xonadonda 14 045 nafar aholi istiqomat qiladi, — deydi boshqaruv servis kompaniyasi rahbari Artyom Sekinayev. — Ish boshlagan davrimizda barcha mahallalarga kirib, odamlar bilan suhbatlashdik. Vazifamiz, faoliyatimiz haqida ma'lumotlar berdik. Ochig'i, boshida ko'pchilik yangi boshqaruv tizimiga ishonmadi. Bu ham mulkdorlik shirkatlarining biri, degan fikrlar bo'ldi. Chunki yillar davomida odamlarning shirkatlarga ishonchi qolmagan. Yuzaga kelgan muammolar mablag' yo'qligi bahonasi bilan ortga surib kelinavergan. Shirkatlardan sado chiqmagach, odamlar mahalla raislari, hokimiyatga murojaat qilib, sarson bo'lgan. To'g'ri, hozirgacha mas'uliyat bilan ishlayotgan mulkdorlik shirkatlari ham bor. Ammo, bu xizmat ko'rsatish korxonalarining 80 foizi talabga javob bermadi, o'zini oqlamadi. Shu bois, davlatimiz rahbari bu sohada yangicha tizimlarni joriy etish topshirig'ini berdi. Bu juda katta ish. Boisi, shu vaqtgacha bironta mas'ul rahbar bu sohaning ichiga chuqur kirib, uni rivojlantirishga e'tibor qaratmagan.
Shu yil 21-fevral kuni Prezidentimiz Toshkent shahrida ko'p kvartirali uy-joy fondini boshqarishni takomillashtirish va issiqlik ta'minoti tizimini rivojlantirishga oid loyihalar bilan tanishish chog'ida ta'kidlaganidek, mulkdorlar shirkatida texnika va mutaxassislar etishmasligi sababli uning sifati past, bugungi kunda esa boshqa boshqarish shakllari joriy qilingan.
Uy-joy kommunal xizmat ko'rsatish vazirligi ma'lumotlariga ko'ra, hozirgi vaqtda respublika bo'yicha jami 39 265 ta ko'p kvartirali uy mavjud bo'lib, shundan 22 mingdan ziyodi 3 753 ta shirkat hamda 324 ta boshqaruvchi tashkilot tomonidan boshqariladi. 889 ta uy esa bevosita joylarning mulkdorlari tomonidan boshqarib kelinyapti. 1 407 ta ko'p kvartirali uyda aholi tomonidan boshqaruv usuli tanlanmagan.
Murojaatlar 3-4 barobar kamaygan
Yangi tajriba qanchalik samara berayotgani bilan tanishish uchun Yunusobod tumaniga yo'l oldik. “Feniks Art Servis” MCHJning ko'rsatilgan manzili tomon borarkanmiz, xayolimizga shirkat raislari o'tiradigan kichik, zax xona yoki yerto'la keldi...
Tashqi ko'rinishi yangicha qurilayotgan mahalla fuqarolar yig'ini binosidan qolishmaydigan, hovlisi ozoda, zamonaviy dizayndagi korxona ichiga ko'nglimiz yorishib kirdik. Unda ish qizg'in. 24 soat ishlaydigan dispetcher xizmati murojaatlarni qabul qilib, muammoning yo'nalishi bo'yicha xodimlarni yo'naltiryapti. Navbatdagi xonada esa ko'p qavatli uylarga o'rnatilgan videoqurilmalardagi tasvirlar kuzatib boriladi. Xodimlarning qaysi hududda qanday ishlarni amalga oshirayotgani ham u orqali nazorat qilinadi.
Korxona tomonidan ko'p qavatli uylardagi barcha umumiy mulkka, xususan, tom qismini ta'mirlash, kirish yo'laklarini yangilash, issiqlik quvurlarini almashtirish, eshiklar va oyna romlarini o'rnatish, fasad qismi, ichki muhandislik va kommunikatsiya tarmoqlarini ta'mirlash hamda obodonlashtirish ishlari bo'yicha xizmatlar ko'rsatiladi.
— Odamlar ishdan charchab, uyiga kelganida, xonadon issiq bo'lsa, suv, elektr quvvatida muammo bo'lmasa, ko'cha, dahlizlar ozoda, tomidan chakki o'tmayotgan bo'lsa, mana shu eng muhimi, — deydi Artyom Sekinayev. — Bizning maqsadimiz ham shu masalalarni joyiga qo'yib, katta-kichik muammolar aholi kayfiyatini buzmasligini ta'minlashdan iborat. O'zim ham uzoq yillar shirkat raisi bo'lganman. Doim mablag' masalasi muammo bo'lardi, texnikalar etishmasdi. Hozir boshqaruv kompaniyamizga 25 ta shirkatni birlashtirgan bo'lsak, avvalari ularning har birida alohida rais, alohida hisobchi, santexnik — jami 194 nafar xodim ishlagan. Tushum kamligi hisobiga oylik maosh ham oz bo'lgan. Hozir esa bizda 54 ta xodim bor. eng yaxshi ishchilarni saralab olib, ularga oldingidan ko'p maosh to'layapmiz. Zarur asbob-uskunalar, kerakli materiallar zaxirasi mavjud. Murojaatchi yarim tunda qo'ng'iroq qilsa ham, tong otishini kutmasdan, o'sha zahoti avariya holatini bartaraf etamiz.
Boshqaruv kompaniyasini tashkil etishning talablaridan biri ham bino hamda texnik bazaga ega bo'lish hisoblanadi. Bundan tashqari, kompaniya rahbari Uy-joy kommunal xizmat ko'rsatish vazirligida yo'lga qo'yilgan 3 kundan 3 oygacha davom etuvchi o'quv kurslarini tamomlab, maxsus sertifikatni olishi kerak.
Bunday kompaniyalar faoliyatini yanada rivojlantirish, aholining kommunal xizmatlarni zamonaviy va qulay shaklda amalga oshirishini ta'minlash maqsadida “Mening uyim” elektron billing tizimi joriy etilib, test rejimida ishga tushirilgan. endilikda, ko'p kvartirali uy-joylar to'g'risidagi ma'lumotlar bazasi mazkur tizimga kiritib borilmoqda va hozirda jami abonentlar soni 1,3 milliontani tashkil qiladi.
“Feniks Art Servis” MCHJ ham ana shu tizimga ulangan. Bu odamlarga burcha turdagi to'lovlarni uyda o'tirgan holda, elektron platforma orqali amalga oshirish imkonini bermoqda. Kompaniyaning maqsadi aholi uchun barcha qulayliklarni yaratib berishga qaratilgan. Asosiysi, servis korxonasida hech bir murojaat e'tiborsiz qolmaydi, tez fursatda hal etiladi. O'z vaqtida olib borilayotgan xizmat ko'rsatish ishlari natijasida Yunusobod tumanida aholining murojaatlari avvalgidan 3-4 barobar kamaygan.
— 29 yildan buyon shu erda istiqomat qilaman, — deydi Yunusobod tumani 14-mavzedagi 17-uy fuqarosi Mapura Abidova. — Mahallamizda oxirgi yillardagi o'zgarishlar juda katta. Ko'rib turibsiz, ko'chalar obod, ko'p qavatli uylarning kirish yo'laklari, yerto'lalar toza. Oldinlari yerto'lalarda suv toshib, hidlanib yotardi. Mulkdorlik shirkatlari masalani uzoq vaqtda ham hal qilib bermasdi. Yangi boshqaruv kompaniyasi, birinchi navbatda, notekis yo'llarimizni asfal`t qilib berdi. Kirish yo'laklari, kanalizatsiya va suv tarmoqlari ta'mirlandi. Isitish davrida barcha nazorat ishlari o'z vaqtida amalga oshirilyapti. Biror muammo chiqsa, to'g'ri kompaniyaga murojaat qilamiz. Lekin ishonasizmi, deyarli muammo bo'lmaydi. Chunki kompaniya barcha masalalarni oldindan hal qilib yuradi. Hatto, ayrim odamlarning ishi tushmayotgani bois, kompaniya binosiga ham kirib ko'rmagan.
Yangi imtiyozlar beriladi
Boshqaruv kompaniyalari ko'p qavatli uylardagi kam ta'minlangan, muhtoj oilalar a'zolarini hududlardagi obodonlashtirish ishlariga jalb etish orqali, bandligini ham ta'minlamoqda. Ularga oylik maoshi to'lanadi. Asosiysi, ko'mak bo'lsin, degan maqsadda qat'iy ish rejimi belgilanmagan. Yosh bolali ayollar kunning istalgan vaqtida ishlarni bajarishi mumkin. Boshqaruv kompaniyasiga esa ko'chalar ozoda, aholidan shikoyatlar tushmasa bo'lgani.
Yunusobod tumanidagi 2- va 6-mavzelarga xizmat ko'rsatayotgan “Mumtoz servis” MCHJ boshqaruv kompaniyasi ham hududlar tozaligiga alohida e'tibor qaratadi. Axir, mahalla obod, ko'chalar chinniday chiroy ochsa, undan o'tgan har qanday kishining dili yayraydi-da. Buning ustiga, bu mavzelar aholi eng gavjum joylardan sanaladi.
— Kompaniyamiz 126 ta ko'p qavatli uydagi 5 839 ta xonadonga xizmat ko'rsatadi, — deydi “Mumtoz servis” MCHJ rahbari Gulnora Otajanova. — Ularda 20 ming aholi istiqomat qiladi. Har bir xonadon egasi bilan shartnoma tuzish asnosida 60 dan ortiq turdagi xizmatlarni taklif etamiz. Buning uchun korxona barcha texnika vositalari, zarur materiallar bilan ta'minlangan. Ko'p qavatli uylarga 24 soat davomida ko'rsatiladigan tezkor xizmatlar ham boshqaruv kompaniyalarining afzalliklaridan sanaladi.
Avval bu hududlarda 26 ta mulkdorlik shirkati ish olib borgan. Mavjud talab doirasida ular birlashtirilib, yagona boshqaruv kompaniyasiga aylandi. Hozir bu erda 29 nafar xodim faoliyat yurityapti. Ularning aksariyati o'z sohasining tajribali mutaxassislari.
Yurtimizda barcha jabhada amalga oshirilayotgan islohotlar ana shunday yangicha ishlaydigan, zamonaviy tizimlarga talabni oshirib bormoqda. Shu bois, Yunusobod tajribasi 2021-yilda Qoraqalpog'iston Respublikasi va barcha viloyat markazlari, Chirchiq va Angren shaharlarida davom ettirilib, 15 ta boshqaruv kompaniyasi tomonidan xizmat ko'rsatish yo'lga qo'yildi.
Davlatimiz rahbari yig'ilishda bu tizimni kengaytirishni rag'batlantirish kerakligi, yil yakunigacha boshqaruv kompaniyalari tomonidan xizmat ko'rsatishni Toshkent shahrining barcha xizmat sifati past tumanlarida joriy etish zarurligini ta'kidladi. Xizmatlaridan aholi rozi bo'lgan shirkatlar va uy-joyni bevosita boshqaruvchilar esa bundan mustasno.
Bu bilan mazkur yo'nalishda raqobat muhiti yaratiladi. Yaxshi ishlagan, aholiga sifatli xizmat ko'rsatib, odamlarning ishonchini oqlagan korxonalar rivojlanib boradi, uddalay olmaganlari esa o'z-o'zidan, vazifasini ularga topshiradi. Buning uchun maxsus ishchi guruh joylarga chiqib, uy-joy mulkdorlari shirkatlari faoliyati, aholi fikrlarini o'rganadi, ularning moliyaviy muammolarini hal etib boradi. Faoliyati va moliyaviy ahvoli qoniqarsiz bo'lgan shirkatlar hududini tanlov va reyting asosida boshqaruv kompaniyalariga berish masalasi o'rganiladi.
Shu bilan birga, uy-joy boshqaruv kompaniyalariga muayyan imtiyoz va engilliklar berilishi ham ko'zda tutilgan. Jumladan, ular mulkdorlarga ko'rsatgan xizmatlaridan tushadigan foyda hamda mulk solig'idan ozod etiladi, ijtimoiy obyektlarga autsorsing asosida ish yuritishga, ya'ni tadbirkorlik faoliyatining ayrim turlari yoki vazifalari talab qilinadigan sohada faoliyat olib boradigan tashkilotlar bilan xizmat ko'rsatish bo'yicha to'g'ridan-to'g'ri shartnoma tuzishga ruxsat beriladi. Maxsus texnika va uskunalar sotib olishga 90 milliard so'm kredit ajratiladi va foizlarining bir qismi qoplab beriladi. Import qilinadigan uskuna va texnikalarga bojxona bojlari kelgusi 3 yilda “nol” stavkada qo'llaniladi, tugatilayotgan shirkatlarning muammoli kreditlari 3 yilga muzlatiladi.
Demak, bu tizim o'zini oqlamoqda. Boshqaruv kompaniyalari sifatli xizmatlari bilan odamlar ishonchiga kirib boryapti. Asosiysi, ko'p qavatli uylar obod bo'lib, aholi murojaatlari tezkor echim topmoqda. Boshqaruv kompaniyalari faoliyatini endilikda, tizimli rivojlantirish, bundan keyin hududlarda barpo etilayotgan barcha ko'p kvartilali uy-joylar, xususan, zamonaviy “Yangi O'zbekiston” massivlarida joriy etish o'z samarasini beradi.
Iroda TOSHMATOVA,
“Yangi O'zbekiston” muxbiri