Bu manzil yashovchi N.Tosheva O'zbekiston iste'molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasining ishonch telefoniga qo'ng'iroq qilib, xonadonida foydalanilgan gaz uchun katta miqdorda noreal qarzdorlik hisoblangani, bu to'g'rida shahar gaz idorasiga qilgan murojaatlari samarasiz bo'layotganidan shikoyat qilib, iste'molchi sifatida buzilayotgan huquqlari himoya qilinishida amaliy yordam so'raydi.

Murojaat tegishli tartibda Navoiy shahar iste'molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati mutaxassislari tomonidan ko'rib chiqildi va fuqaroning e'tirozlari asosli ekani ma'lum bo'ldi. Shahar gaz idorasi bilan olib borilgan muzokaralardan natija bo'lmagach, jamiyat tomonidan fuqaroning huquqini himoya qilish maqsadida sudga da'vo arizasi kiritildi.

2022-yil 24-avgust kuni fuqarolik ishlari bo'yicha Karmana tumanlararo sudi binosida da'vo arizasi bo'yicha fuqarolik ishi ko'rib chiqildi.

Sud javobgar — “Navoiyshahargaz” ta'minoti mansabdor shaxslarining xatti-harakatlarini g'ayriqonuniy deb topish, fuqaro N.Toshevaning xonadoni bo'yicha hisoblangan noreal qarzdorlikni bekor qilish, javobgar hisobidan  davlat daromadiga 900 ming so'm miqdorida davlat boji hamda manfaatdor shaxs — Nodira Toshevaning foydasiga 500 ming so'm miqdorida ma'naviy zarar undirish to'g'risida hal qiluv qarorini qabul qildi.

Muammo hal etildi — fuqaroning murojaati qanoatlantirildi, uning buzilayotgan haq-huquqlari himoyalandi. Ammo O'zbekiston iste'molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasiga fuqarolardan bo'layotgan murojaatlar tahlilidan ko'rinadiki, ariza, shikoyat va noroziliklarning asosiy qismini yuqoridagi kabi noreal qarzdorlik hisoblanishi holatlari va uning oqibatida kelib chiqayotgan muammoli holatlar tashkil etadi.

Haqli savol tug'iladi — NEGA?

Bu yuqoridagi kabi xizmat ko'rsatuvchi tashkilotlarning aybimi yoki “Bilsa hazil, bilmasa chin” qabilidagi ish uslubimi?

Siz nima deysiz...