Hindistonning Mumbay shahri sohillari yaqinida Arab dengizida parom va tezyurar katerning to'qnashishi oqibatida kamida 13 kishi halok bo'ldi, o'nlab kishi jarohat oldi.
Bu haqda Maxarashtra bosh vaziri Devendra Fadnavis ma'lum qildi.
“Harbiy-dengiz kuchlari ma'lumotlariga ko'ra, halok bo'lganlar 13 kishidan iborat”, dedi u. To'qnashuvda o'n nafar oddiy fuqaro va uch nafar harbiy-dengiz kuchlari xizmatchisi halok bo'ldi.
Parom va kater bortida qancha odam bo'lganiga aniqlik kiritilmadi. 100 dan ortiq odam qutqarib qolingani ma'lum.
Fadnavisning so'zlariga ko'ra, “Nilkamal” paromi Mumbay yaqinidagi mashhur sayyohlik manzili Elefanta oroliga ketayotgan edi, o'shanda harbiy-dengiz kuchlarining kateri u bilan to'qnashgan.
Hindiston dengiz floti va qirg'oq qo'riqlash xizmati keng ko'lamli qidiruv-qutqaruv operatsiyasini boshladi. Hududga 11 harbiy kater, uchta dengiz politsiyasi kateri va bir qirg'oq qo'riqlash kateri hamda to'rtta vertolyot safarbar etildi.
Qidiruv operatsiyasi davom etmoqda. Hodisa sabablariga oydinlik kiritilmoqda, deb xabar beradi tass.ru.