Albatta, bu marraga osonlikcha yetganimiz yoʻq. Gʻalabalar ortida yillar mobaynida maydonda va maydon tashqarisida qilingan zahmatli mehnatlar, bolalar futbolidan tortib, terma jamoagacha boʻlgan bir butun tizimni tashkil qiluvchi infratuzilma, davlat darajasidagi eʼtibor, stadionda, ekran qarshisida jamoa uchun chin dildan jon kuydirgan millionlab muxlislar, ona xalqimiz, Vatan turibdi! Shu tufayli ham 2026-yilgi jahon chempionatiga yoʻllanma men uchun, butun jamoamiz uchun chin maʼnoda faxr boʻldi. Bu xalqning ishonchi, duosi bilan kelgan tarixiy baxt edi.

Eng esda qolarli lahzalar esa, shubhasiz, 2025-yil 5-iyun kuni BAAga qarshi hal qiluvchi safar oʻyinida roʻy berdi. Toʻgʻri, biz gol kiritib, gʻalaba qozonmadik. Ammo ishontirib aytamanki, faoliyatim davomidagi hech bir gʻalaba oʻsha kungi durang natijasidan ortiqroq quvonch hadya etmagan menga, bu futboldan-da kattaroq narsa edi… Bu quvonchni faqat birgina soʻz bilan ifodalash mumkin: MUNDIAL!

Shu kuni Prezidentimiz telefon orqali terma jamoamizni alohida tabrikladi. Bundan buyon ham har tomonlama qoʻllab-quvvatlashga tayyorligini aytib, yuksak ishonch bildirdi. Davlatimiz rahbarining tabrikda aytgan “Aminman, bu tarixiy yutuq xalqimizni ezgu maqsadlar yoʻlida yanada birlashtiradi, ming-minglab yoshlarimiz uchun ilhom manbaiga, ibrat timsoliga aylanadi, Yangi Oʻzbekistonning xalqaro obroʻ-eʼtiborini yanada oshirishga xizmat qiladi.

Sizlar futbol maydonlaridagi mana shunday shonli yutuqdan yangi kuch va ruh olib, kelgusi yili AQSH, Meksika va Kanada davlatlarida boʻlib oʻtadigan jahon chempionatida nafaqat Oʻzbekiston, balki butun Markaziy Osiyo mintaqasining birinchi va yagona vakili boʻlishdek yuksak sharafni chuqur his etgan holda, yanada katta jonbozlik koʻrsatasizlar, deb ishonaman”, degan soʻzlari koʻnglimizni togʻday koʻtardi, ayni chogʻda zimmamizga xalqimiz, Vatanimiz oldida yangi masʼuliyat yukladi.

2025-yil 10-iyun kuni Toshkentdagi ­“Bunyodkor” stadionida Qatar terma jamoasiga qarshi boʻlib oʻtgan saralash bosqichining soʻnggi tur bahsi ham chinakam bayramga aylanib ketdi. Prezidentimiz uchrashuvni stadionda tomosha qildi, bayramona kayfiyat butun arenani qamrab oldi. 86-daqiqada hisobni 2:0 koʻrinishiga keltirgan golga mualliflik qilganim aslo yodimdan chiqmasa kerak. Oʻyindan soʻng butun delegatsiya aʼzolarining munosib taqdirlanishi esa yurtimizda futbolga alohida eʼtibor, yoshlarga yuksak ishonch ramzi boʻldi.

Endi oldimizda jahon chempionati maydonlari turibdi. Yaxshi bilamiz: u yerda hamma narsa boshqacha boʻladi, tezlik, bosim, shu bilan birga, imkoniyat ham. Jamoa sardori, Yevropa maydonlarida toʻp tepgan, u yerdagi futbolchilar bilan oʻzimizning yigitlarni solishtirish imkoniga ega inson sifatida bemalol aytishim mumkin, bizda har qanday raqibga qarshi munosib qarshilik koʻrsata oladigan, yetuk, mahoratli oʻyinchilardan iborat bir butun avlod shakllangan.

Yangi yil kirib kelgan shu damlarda odam rejalar tuzadi, oʻziga oʻzi vaʼdalar beradi. 2026-yilga qadam qoʻyar ekanmiz, xalqimizga vaʼda beramiz: biz jamoamiz bilan butun dunyo koʻz oʻngida xalqimiz, muxlislarimiz ishonchini, albatta, oqlaymiz, mundialda Oʻzbekiston nomini munosib himoya qilamiz.

Eldor SHOMURODOV,

futbol boʻyicha Oʻzbekiston milliy terma jamoasi sardori