Bu yerda, ayniqsa, taʼlimga qaratilayotgan eʼtibor eʼtirofga sazovor. Tumanimizda bir qator yoshlar adabiyot va sheʼriyat yoʻnalishi boʻyicha Respublikada oʻtkazilgan tanlovda ham, viloyat rassomchilik yoʻnalishi boʻyicha oʻtkazilgan musobaqada ham 1-oʻrinlarni egallab, boshqa koʻplab koʻrik-tanlovlarda, shuningdek sportning turli yoʻnalishlari boʻyicha ham yuqori natijalarga erishib kelyapti. Tumanimizdagi yangi tashkil qilingan “Yakkachiqir” mahallasida yangi maktabning foydalanishga topshirilishi va boshqa maktablarning kapital taʼmirdan chiqarilishi Prezidentimizning taʼlimga qaratayotgan eʼtiborining yorqin natijalaridan desak, yanglishmaymiz. Maktabgacha taʼlim muassasalari ham mukammal taʼmirdan chiqarilib, kichkintoylarni oʻz bagʻriga chorladi. Bundan tashqari Tuproqqalʼa maskani hududida va Pitnak shahar hududidagi hokimiyat binolarida qurilish ishlari amalga oshirildi va yana bir qancha binolar yangidan bunyod etildi. Kundan-kunga chiroy ochib, rivojlanib borayotgan “Muhabbat” mahallasida joylashgan “Sulton Sanjar Moziy” markaziy jome masjidi yangidan qurilyapti. Tumanda “Oʻzsanoatqurilishbank” ATBning bank xizmatlari markazi ish boshlagan. Tez-tez oʻtkazilib turiladigan fuqarolar qabulida fuqarolarning muammolari tinglanib, joyida hal qilinib, oʻrganish uchun vaqt talab qilgan murojaatlar yuzasidan tegishli tashkilot rahbarlariga topshiriqlar beriladi va ijrosi nazoratga olinadi. Tumanimizda sezilarli muvaffaqiyatlarga, Prezident eʼtirofiga sazovor boʻlgan yoshlarimiz ham bor. “New Best Style” gulqogʻoz ishlab chiqarish korxonasi rahbari Dilshod Xojiyev yaqinda “Kelajak bunyodkori” medali bilan taqdirlandi.
Yuqorida aytib oʻtganlarim Oʻzbekistonning kichkina, yangi tashkil qilingan bir goʻshasidagi oʻzgarishlar edi. Biz mana shunday munosib amallarni koʻplab qilishga va xalqimizning roziligiga erishishga doim intilib yashaymiz. Shundagiga Tuproqqalʼa ham boshqa tumanlar kabi yana-da gullab-yashnashi tayin.
Gulnoza Sobirova,
Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi
Xorazm viloyati Tuproqqalʼa tuman boʻlinmasi
bosh mutaxassisi.