Munosib nomzodga ovoz beramiz!

    Prezident saylovi – ulugʼ tanlovdir,

    Ezgulik yoʼlida qutlugʼ yalovdir,

    Baxtimiz qomusi bunga garovdir,

    Munosib nomzodga ovoz beramiz,

    Iftixor, gʼurur-la koʼkrak keramiz!

    Yurtboshi degani – Vatan sarboni,

    Elning eng fidoyi mardi maydoni,

    Oliy Bosh Qoʼmondon, jasur insoni –

    Munosib nomzodga ovoz beramiz,

    Iftixor, gʼurur-la koʼkrak keramiz!


    Yashnasin, gullasin deya hur oʼlkam,

    Yashasin dunyoda inson shod, hurram,

    Iymon-eʼtiqodni qilib mustahkam,

    Munosib nomzodga ovoz beramiz,

    Iftixor, gʼurur-la koʼkrak keramiz!

    Uzukka koʼz boʼlar nomzodlarimiz,

    El-yurtga yuz boʼlar nomzodlarimiz,

    Bagʼri keng, koʼksi togʼ shamshodlarimiz –

    Munosib nomzodga ovoz beramiz,

    Iftixor, gʼurur-la koʼkrak keramiz!

    Besh barmoq birlashsa, zoʼr musht, kuch boʼlar,

    Bilaklar toʼlishar, paylar zich boʼlar,

    Gʼanimlar niyati barbod, puch boʼlar,

    Munosib nomzodga ovoz beramiz,

    Iftixor, gʼurur-la koʼkrak keramiz!

    Sogʼlom millat – sogʼlom kelajak erur,

    Sogʼlom yurtda asl chechaklar unur,

    Barkamol avlod-da el kuchli boʼlur,

    Munosib nomzodga ovoz beramiz,

    Iftixor, gʼurur-la koʼkrak keramiz!

    Qarisi bor uyning parisi bordir,

    Keksalar duosi omadga yordir,

    Buni eʼzozlagan chin baxtiyordir,

    Munosib nomzodga ovoz beramiz,

    Iftixor, gʼurur-la koʼkrak keramiz!

    Olamni anglamoq fursati yetdi,

    Odamni tanlamoq fursati yetdi,

    Oʼzbegim dovrugʼi jahonga ketdi!

    Munosib nomzodga ovoz beramiz,

    Iftixor, gʼurur-la koʼkrak keramiz!

    Аjratib sarani sarak-sarakka,

    Yetamiz albatta ezgu tilakka!

    Elsevar nomzodni qoldirmay yakka,

    Birdamlik, tinchlik deb ovoz beramiz,

    Iftixor, gʼurur-la koʼkrak keramiz!

    Uchinchi Renessans guli, boʼstonim,

    Olamda barqaror tinchlik qoʼrgʼonim,

    Tillarda, dillarda ezgu dostonim,

    Oʼzbekiston uchun ovoz beramiz,

    Iftixor, gʼurur-la koʼkrak keramiz!

    Ming oyning yuzini koʼrdim, ming shukur,

    Izmimda mardona turdim, ming shukur,

    Xizmatim gashtidan dilimda huzur,

    Men bugun yuz sari parvoz qilaman,

    Sizni ham yonimda hamroz bilaman!


    Iskandar RАHMON,

    “Birinchi darajali mehnat faxriysi” koʼkrak nishoni sohibi,

    Oʼzbekiston Yozuvchilar va Jurnalistlar ijodiy uyushmalari aʼzosi