Davlat xavfsizlik xizmati Toshkent shahar boʻyicha boshqarmasi hamda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurash departamenti shahar boshqarmasi xodimlari hamkorligida oʻtkazilgan tezkor tadbirda poytaxtda faoliyat yurituvchi advokatlar hayʼati aʼzosi boʻlgan, muqaddam sudlangan advokat firibgarlik yoʻli bilan 2 ming AQSH dollari olgan vaqtida qoʻlga olindi.
Aniqlanishicha, u Shayxontohur tuman IIO FMB Tergov boʻlimi ish yurituvida boʻlgan, Jinoyat kodeksining 168-moddasi bilan qoʻzgʻatilgan jinoyat ishi doirasida gumonlanuvchiga nisbatan “qamoq” ehtiyot chorasi qoʻllanilmasligini mansabdor tanishlari orqali hal qilib berishni vaʼda qilgan.
Mazkur holat yuzasidan advokatga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi “v” bandi hamda 28, 211-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, unga nisbatan “qamoq” ehtiyot chorasi qoʻllanildi. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.