Maʼlumot uchun: 1953-yilda tashkil etilgan FAW Group Xitoyning birinchi mashinasozlik kompaniyalaridan hisoblanadi. Avtomobil ishlab chiqarish hajmi boʻyicha Xitoyda ikkinchi oʻrinda, ogʻir yuk tashuvchi tijorat transporti boʻyicha esa birinchi oʻrinda turadi. Kompaniyaning oʻrta va katta hajmli mashinalari Xitoyda eng koʻp sotiluvchi yuk avtomobillari qatoridan oʻrin olgan.
Suhbat davomida Xitoyning China FAW Group Co Ltd kompaniyasi tomonidan Oʻzbekistonning UzAuto Trailer va Vodiy Universal Majmua kompaniyalari bilan birgalikda Andijon viloyatida turli hajmdagi yuk avtomobillari ishlab chiqarish boʻyicha qoʻshma loyihalarni amalga oshirishning joriy holati muhokama etildi.
Shu bilan birga, muqobil energiya manbalaridan foydalangan holda turli hajmdagi yuk avtomobillarini ishlab chiqarish boʻyicha avtomobilsozlik sanoatini rivojlantirish istiqbollari koʻrib chiqildi. Viloyatdagi tegishli kichik va oʻrta biznes uchun oʻsish omili sifatida ushbu sohani rivojlantirish muhimligi taʼkidlandi.
Uchrashuv yakuni boʻyicha tomonlar muhokama etilgan loyiha va tashabbuslar doirasida hamkorlikni kengaytirish boʻyicha navbatdagi tadbirlarni belgilab oldilar, deb xabar beradi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi matbuot xizmati.