WBA kamari uchun yakuniy Eliminator sifatida oʻtadigan mazkur jangda Murodjon Ahmadaliyevga yaponiyalik Tomoki Kameda raqiblik qilishi zarur edi. Biroq Kameda boshqa vaznga oʻtayotgani tufayli hamyurtimizning raqibi oʻzgardi.

Endilikda Murodjon "Kaka" Ahmadaliyev WBA Final Eliminator jangida meksikalik Kevin Gonsales bilan toʻqnash keladi. Har ikki jangchi kelishuvga erishishi uchun 30 kun muddat berildi. Kelishuvga erishilmagan taqdirda, WBA har ikki bokschi uchun 50 % dan gonorar taqsimlanishini taklif qiladi.

Murodjon Ahmadaliyev birinchi yarim yengil vazn toifasida WBA va IBF yoʻnilishlarida sobiq jahon chempioni hisoblanadi. U faoliyati davomida 12 ta jang oʻtkazib, ularning 11 tasida gʻalaba qozongan, soʻnggi jangida filippinlik Marlon Tapalesga imkoniyatni boy bergan.

Meksikalik Kevin Gonsales esa prof boksda 26 ta jang oʻtkazib, ularning 25 tasida gʻalaba qozongan va bitta jangi durang bilan yakunlangan.

Eslatib oʻtamiz, mazkur jang gʻolibi WBA kamari sohibi Marlon Tapales yoki boʻlajak daʼvogar Naoya Inoue bilan jang qiladi.