Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Shirin shahridagi Xalq qabulxonasi fuqarolar bilan yuzma-yuz muloqotda boʻlib, ularni dardu holini tinglab, muammolarini tegishli tashkilotlar bilan birgalikda bartaraf etib kelmoqda. Ushbu olib borilgan chora-tadbirlar natijasida aniqlangan muammolarning aksariyati oʻz vaqtida va joyida bartaraf etilishiga erishilmoqda.

Bunga birgina misol. Fuqaro Vladimir Seleznev Rossiya Federatsiyasining Sverdlovsk oblastida 1953-yil 15-oktyabrda tugʻilgan, rus millatiga mansub. Taqdir taqozasi bilan 1961-yilda ota-onasi qaromogʻida Oʻzbekistonga koʻchib kelgan. Avval Namangan viloyatida, soʻng 1975-yildan boshlab Sirdaryo viloyati Shirin shahrida yashab kelmoqda. V.Seleznev uzoq yillar mobaynida “Sredazenergoremont” va “Tashgresstroy” tashkilotlarida mehnat qilib, Oʻzbekiston energetika sohasi rivojiga hissa qoʻshgan.

Keyinchalik Guliston shahrida xususiy ishlarda ishlab kelgan. 2000-yili Shirin shahri “Doʻstlik” mahallasida joylashgan xonadonida yongʻin sodir boʻlishi oqibatida barcha uy anjomlari, shu jumladan hujjatlari bilan birga, uning fuqarolik pasporti ham yonib ketgan. Shu vaqtga qadar uning oʻzi ham shaxsini tasdiqlovchi hujjatini tiklashga jiddiy kirishmagan boʻlsa-da, lekin bu masalada yordam soʻrab oʻsha paytda Shirin shahridagi bir qancha maʼsul tashkilotlarga murojaatlar qilgan.

Ammo uning muammosiga na mahalla maʼsullari na tegishli idora masʼullari jiddiy eʼtibor berishmagan. “Yugurishlar, byurokratiyadan charchagan” fuqaro dardini aytishdan foyda yoʻq degan fikrda yuravergan. Oqibatda u 20 yil mobaynida shaharda fuqarolik pasportisiz yashab kelgan. Bundanda achinarlisi, u pasport yoʻqligi sabab 7 yil oldin yoshga doir pensiyaga chiqish huquqi boʻla turib, hozirga qadar bu imkoniyatidan foydalanmay kelishga majbur boʻlgan.

Joriy yilning yanvar oyida Vladimir Seleznev tanishining maslahati bilan Prezidentning Shirin shahridagi Xalq qabulxonasiga murojaat qiladi. Qabulxona xodimlari hamda shahar hokimligi hamkorlikda tegishli pasport xizmati, mudofaa ishlari boʻlimi va pensiya jamgʻarmasi maʼsullarini jalb etgan holda, qisqa muddatda fuqaroga avval shaxsini tasdiqlovchi hujjatni olishida, soʻng pensiya tayinlanishida amaliy yordam koʻrsatildi.

Ulugʻbek Sariyev,

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Shirin shahridagi

Xalq qabulxonasi yetakchi mutaxassisi