Isteʼmolchining qayd etishicha, Termiz shahrida joylashgan aviakassadan Qarshi — Moskva — Termiz yoʻnalishi boʻyicha 1 700 000 soʻmga bitta aviabilet sotib olgan, biroq uchish vaqti pandemiya kuchaytirilgan paytga toʻgʻri kelgani sababli uchib ketolmagan. Aviachipta uchun toʻlagan pulini qaytarib olish uchun bir necha marotaba murojaat qilgan boʻlsa-da qaytarib ololmagan. Murojaat oʻrganilishi natijasida esa, chipta uchun toʻlangan mablagʻ isteʼmolchiga qaytarilishiga erishildi.
Yana bir murojaat Buxoro viloyati Buxoro shahrida yashovchi D.Z. tomonidan keldi. Unda qayd etilishicha, isteʼmolchi Buxoro shahri markazida joylashgan H.Rahmatov YATTga qarashli “Texnomir” maishiy texnika doʻkonidan “Elektrolyuks” konditsionerini 7 806 000 soʻmga xarid qilgan, ammo hozir kafolati muddati tugamay u nosoz ahvolga kelib qolgan. Ushbu muammoni bartaraf etish boʻyicha isteʼmolchi tadbirkorga bir necha bor murojaat qilgan, biroq murojaati inobatga olinmagan. Murojaat oʻrganilishi natijasida sotuvchi tomonidan konditsionerning sifatli taʼmirlab berilishiga erishildi.
Shuningdek, Navoiy viloyati Navoiy shahrida yashovchi Farhod Bekpoʻlatov oʻz murojaatida Navoiy shahrida joylashgan maishiy savdo doʻkonidan 5 500 000 soʻmga muddatli toʻlov asosida televizor sotib olgani, biroq kafolat muddati ichida nosoz chiqqanidan norozilik bildirib, ushbu masalada amaliy yordam soʻragan. Mazkur murojaat oʻrganilishi natijasida isteʼmolchiga televizor uchun toʻlagan 5 500 000 soʻm puli qaytarilishiga erishildi, deyiladi federatsiya axborot xizmati xabarida.