Bugungi kunda mamlakatimizda fuqarolarning murojaatlarini qabul qilish, ularni oʻz vaqtida koʻrib, qonuniy hal etish boʻyicha oʻziga xos tizim shakllantirilgan boʻlib, bu borada huquqiy asoslar yaratilgan.
Murojaatlarga oʻz vaqtida yechim topilmoqda Binobarin, Konstitutsiyamizning 35-moddasida har bir shaxs bevosita oʻzi va boshqalar bilan birgalikda vakolatli davlat organlariga, muassasalariga yoki xalq vakillariga ariza, taklif va shikoyatlar bilan murojaat qilish huquqiga egaligi, arizalar, takliflar va shikoyatlar qonunda belgilangan tartibda va muddatlarda koʻrib chiqilishi shart ekani mustahkamlab qoʻyilgan.
Ushbu konstitutsiyaviy qoidani, shuningdek “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni talablari ijrosini taʼminlash maqsadida, Toshkent shahar bojxona boshqarmasida ham jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini qabul qilish va ularni oʻz vaqtida koʻrib chiqish borasida qator chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Tahlillarga nazar tashlasak, 2021-yilning yanvar-aprel oylari davomida boshqarmada 114 ta murojaatlar ruyxatga olinib, ularning soni oʻtgan yillarning ayni shu davriga nisbatan ancha kamayganini koʻrishishiz mumkin.
Murojaatlarning 49 tasi jismoniy shaxslar, 65 tasi yuridik shaxslar tomonidan berilgan boʻlib, shundan 63 tasi elektron tarzda va 51 tasi ogʻzaki shaklda taqdim etilgan.
Koʻrib hal etilgan murojaatlarning 38,6 foizi oʻz vaqtida qanoatlantirilib, 55,3 foizi boʻyicha tushuntirishlar berilgan. Qolganlari esa tegishliligi boʻyicha boshqa organlarga yuborilgan.
Murojaatlarning asosiy qismi bojxona nazorati va rasmiylashtiruvi, bojxona toʻlovlari va imtiyozlar masalalariga taalluqlidir.
Aytish oʻrinliki, har bir murojaat ortida inson taqdiri borligi shaxsiy tarkibga tushuntirib borilmoqda. Natijada murojaatlarning 95,6 foizi 10 kundan oshmagan muddatda koʻrib hal etilgan.
Bir soʻz bilan aytganda, ijtimoiy-siyosiy sohada izchillik bilan davom ettirilayotgan islohotlar yurtimizda har bir insonning munosib turmush kechirishiga koʻmaklashishdek olijanob maqsadga yoʻnaltirilgan boʻlib, “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari toʻgʻrisida”gi Qonun doirasidagi tizimli ishlar ham ana shu maqsad roʻyobiga xizmat qilmoqda.
Raʼno XOSHIMOVA,
Murojaatlar bilan ishlash guruhi bosh inspektori